Vakant o‘rinlarga qo‘shimcha tanlov qachondan boshlanadi?

Vakant o‘rinlarga qo‘shimcha tanlov qachondan boshlanadi?

2026/2027-o‘quv yili uchun davlat OTMlarida to‘lmay qolgan vakant o‘rinlarga qo‘shimcha tanlovni 22–23-avgust kunlari boshlash rejalashtirilmoqda. Hozirda vakant o‘rinlar bo‘yicha kvotalarni hisoblash ishlari olib borilmoqda.

 

Bugun, 17-avgust kuni Bilim va malakalarni baholash agentligi ishtirokida 2026/2027-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga qabulning yakuniy natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

 

Matbuot anjumanida talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar uchun davlat OTMlarida qolgan vakant o‘rinlarga qo‘shimcha tanlov o‘tkazilishi yuzasidan ham ma’lumot berildi.

 

Unga ko‘ra, vakant o‘rinlarga qo‘shimcha tanlov uchun ro‘yxatdan o‘tish 22–23-avgust kunlari boshlanishi rejalashtirilmoqda. Hozirda vakant o‘rinlar bo‘yicha kvotalarni hisoblash ishlari olib borilmoqda. Shu sababli vakant o‘rinlarning yakuniy soni, yo‘nalishlar va ro‘yxatdan o‘tishning aniq muddatlari keyinroq ma’lum qilinadi.

 

Amaldagi tartibga ko‘ra, kirish imtihonlarida minimal ballni to‘plagan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar fanlar majmuasi va ta’lim tili mos keladigan vakant yo‘nalishlar uchun tanlovda ishtirok etishi mumkin.

 

Tanlovda abituriyentlarning to‘plagan ballari bo‘yicha reyting ketma-ketligiga qat’iy rioya qilinadi. Vakant o‘rinlarga qabul bazaviy to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

 

Ma’lumot uchun, 2025-yilgi qabulda vakant o‘rinlar uchun qo‘shimcha tanlovga ro‘yxatdan o‘tish 25-sentabrdan 3-oktabrgacha davom etgan. Bunda abituriyentlarga fanlar majmuasi hamda ta’lim tiliga mos bo‘lgan 5 tagacha OTM va ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati berilgan edi.

 

Shuningdek, o‘tgan yilgi vakant yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tish ballari va boshqa ma’lumotlarni @mandat_javobbot Telegram boti orqali ko‘rish mumkin.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish