2026-yil 1-avgustdan o‘qituvchilarga dars soatlari qaysi tartibda taqsimlanadi?

2026-yil 1-avgustdan o‘qituvchilarga dars soatlari qaysi tartibda taqsimlanadi?

Umumta’lim muassasalarida o‘qituvchilarga dars soatlari malaka toifasi, milliy yoki xalqaro sertifikati va boshqa ustuvor ko‘rsatkichlari asosida taqsimlanadi. Amaldagi tartibga ko‘ra, dars soatlarini taqsimlashda ustuvorlik ketma-ketligi belgilangan.

 

Adliyadan 3271-raqam bilan ro‘yxatga olingan “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 15-bandiga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan boshlab o‘qituvchilarga dars soatlari quyidagi ustuvor ketma-ketlik asosida taqsimlanadi:

 

  1. Oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar — pedagog kadrning attestatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikatning amal qilish muddatiga ko‘ra;

 

  1. Dars beradigan fanidan pedagog xodimlarga ustama belgilashda qo‘llaniladigan milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘qituvchilar — sertifikatning belgilangan darajasi va amal qilish muddatiga ko‘ra;

 

  1. Birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar — pedagog kadrning attestatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikatning amal qilish muddatiga ko‘ra;

 

  1. Ikkinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar — pedagog kadrning attestatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikatning amal qilish muddatiga ko‘ra;

 

  1. Oliy ma’lumotli toifasiz o‘qituvchilar;

 

  1. Qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega o‘qituvchilar — agar o‘qituvchida qayta tayyorlash mutaxassisligi bo‘yicha 1–5-ustuvorliklardagi ko‘rsatkichlardan biri yoki bir nechtasi mavjud bo‘lsa, u tegishli ko‘rsatkichga ega o‘qituvchilar bilan teng ustuvorlikka ega bo‘ladi;

 

  1. O‘rindoshlik asosida ishlayotgan oliy ma’lumotli o‘qituvchilar — asosiy ish joyi boshqa muassasa bo‘lgan o‘qituvchilar 1–6-ustuvorliklardagi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lsa ham, o‘rindoshlik asosida ishlagani sababli 7-navbatdagi ustuvorlikdan foydalanadi;

 

  1. Oliy ta’lim muassasalarining pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha uchinchi va undan yuqori kurs talabalari. Talabalarda 1–6-ustuvorliklardagi ko‘rsatkichlar mavjud bo‘lsa ham, ular 8-navbatdagi ustuvorlikdan foydalanadi;

 

  1. Oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar o‘rta maxsus yoki professional ma’lumotga ega o‘qituvchilar — faqat boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi o‘qituvchilar uchun;

 

  1. Oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar umumta’lim muassasasining tegishli mutaxassisligi bo‘yicha rahbar xodimlari — ya’ni direktor yoki direktor o‘rinbosarlari o‘qituvchilar to‘liq dars bilan ta’minlangandan keyin dars soati olishi mumkin.

 

Boshlang‘ich sinflarda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha dars soatlarini taqsimlashda o‘qituvchining boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga egaligi yoki tegishli fanni boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha ta’lim olgani inobatga olinadi.

 

Umumtaʼlim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida koʻrib chiqilib, har yili 15-sentyabrga qadar oʻqituvchilarga dars soatlari koʻrsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.

 

Umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari qayta taqsimlanishi mumkin.

 

Yuqoridagi ustuvorliklar asosida maksimal dars soati (1,5 stavka) olish imkoniyatiga ega bo‘lgan o‘qituvchining yozma roziligi bilan unga ajratilishi mumkin bo‘lgan dars soatlari boshqa o‘qituvchilarga berilishi mumkin.

 

Shuningdek, o‘qituvchi nizomning 15-bandida belgilangan ko‘rsatkichlarning bir nechtasiga ega bo‘lsa, dars soatlari eng yuqori ustuvor ko‘rsatkich inobatga olingan holda taqsimlanadi. Aynan bir xil ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan bir nechta o‘qituvchi o‘rtasida dars soatlari teng taqsimlanadi.

 

O‘qituvchilarga yillik 1,5 stavkadan, ya’ni 2 322 soatdan ortiq dars soatlari belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Homiladorlik va tug‘ish ta’tili hamda bola parvarishi ta’tilidan qaytgan o‘qituvchilarga, shuningdek, ishlayotgan pensionerlarga ham dars soatlari yuqoridagi ustuvor ketma-ketlik asosida taqsimlanadi. Ularning ta’tildan qaytgani yoki pensiya yoshida ekani dars soatlarini ustuvorlikka amal qilmasdan kamaytirish uchun asos bo‘la olmaydi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish