Nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari uchun davlat OTM rektorlari kabi malaka talablari joriy etilishi taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, rektor ilmiy daraja va unvonga ega bo‘lishi hamda oliy ta’lim sohasida kamida 5 yillik rahbarlik ish stajiga ega bo‘lishi kerak.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Unga ko‘ra, nodavlat OTM rektorlari:
- oliy ta’lim tashkilotlarida boshqaruv lavozimida ishlash uchun zarur kasbiy va tashkilotchilik qobiliyatiga, ta’lim sohasida rahbarlik tajribasi va tegishli bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘lishi;
- intellekt, madaniyat, yetakchilik, ijodkorlik, xushmuomalalik, tashkilotchilik, tashabbuskorlik va tadbirkorlik kabi shaxsiy fazilatlarga ega bo‘lishi;
- OTMda bakalavr yoki magistrlar tayyorlash yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha fan doktori (DSc) yoki fan nomzodi (PhD) ilmiy darajasiga, shuningdek, professor yoki dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lishi;
- kafedra mudiri, fakultet dekani yoki uning o‘rinbosari, prorektor kabi rahbarlik lavozimlarida yoxud oliy ta’lim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida kamida 5 yil samarali ish stajiga ega bo‘lishi zarur.
Shuningdek, hujjatga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni yangi talablarga muvofiqlashtirish uchun ikki oy muddat beriladi.
Avvalroq, xususiy taʼlim xizmatlari bozorida yangi tartiblar joriy etilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
