Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi nodavlat taʼlim xizmatlari bozorini tahlil qilib, isteʼmolchilar huquqlarini kuchaytirishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi. Soʻnggi uch yilda taʼlim xizmatlariga oid murojaatlarning qariyb 96 foizi aynan nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan nodavlat taʼlim xizmatlari sohasidagi mavjud holatni tahlil qilib, isteʼmolchilar huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish hamda sohada sogʻlom raqobatni rivojlantirish boʻyicha vakolatli davlat organlariga takliflar yuborildi.
Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, soʻnggi uch yil davomida kelib tushgan 103,5 mingta murojaatning 2 070 tasi taʼlim xizmatlariga oid boʻlib, ularning qariyb 96 foizi nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyati bilan bogʻliq. Mazkur murojaatlarni koʻrib chiqish natijasida isteʼmolchilar foydasiga qariyb 1 milliard soʻm mablagʻ qayta hisob-kitob qilinishi taʼminlangan.
Tahlillarga koʻra, fuqarolar asosan:
— taʼlim sifati talab darajasida emasligi;
— koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq undirilishi;
— shartnoma shartlari va pulni qaytarish tartibi haqida yetarli maʼlumot berilmasligi;
— muddatli toʻlov shartnomalarini bekor qilishdagi muammolar;
— reklamada vaʼda qilingan xizmatlarning amalda bajarilmasligidan norozi boʻlmoqda.
Qoʻmita taʼkidlashicha, amaldagi qonunchilikda taʼlim sifati ustidan davlat nazorati yoʻlga qoʻyilgan boʻlsada, nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish jarayonini tartibga soluvchi aniq mexanizmlar hamda pullik taʼlim xizmatlarini koʻrsatishning yagona qoidalari mavjud emas.
Shuningdek, Fransiya, Niderlandiya va Shveysariya tajribasi ham oʻrganilgan. Ushbu davlatlarda nodavlat taʼlim xizmatlari sifati maxsus sertifikatlash va audit tizimlari orqali baholanadi.
Tahlillar asosida Qoʻmita quyidagi takliflarni ilgari surgan:
- nodavlat taʼlim xizmatlari uchun ixtiyoriy sertifikatlash tizimini joriy etish;
- nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan pullik taʼlim xizmatlarini koʻrsatish qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
- taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi tashkilotlarning isteʼmolchilar bilan munosabatlariga qoʻyiladigan minimal talablarni belgilash.
Mazkur takliflar taʼlim xizmatlari sifatini oshirish, isteʼmolchilar huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish hamda taʼlim xizmatlari bozorida shaffof va adolatli raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgani qayd etilgan.
