Buxoroda xususiy universitetning ikki nafar talabasi fuqarodan 500 dollar talab qilgani uchun 4 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi. Sudlanuvchilarning biri 19, ikkinchisi 18 yoshda.
Buxoro shahar sudida ko‘rilgan ish materiallariga ko‘ra, ikki talaba 2026-yil aprel–may oylarida bir fuqaro bilan tanishgan. Ular fuqaro bilan bo‘lgan shaxsiy mazmundagi yozishma va suhbatlarni telefonlariga saqlab olgan.
Keyinchalik qizlar ushbu ma’lumotlarni fuqaroning ish joyi va oila a’zolariga oshkor qilish bilan qo‘rqitib, undan 500 AQSh dollari talab qilgan.
3-iyun kuni ular pulni olish vaqtida Buxoro shahridagi mehmonxonalardan biri yaqinida tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.
Sudda har ikki talaba o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan va qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.
Sud ularning yoshligi, talaba ekani, avval sudlanmagani, aybiga iqror bo‘lgani va pushaymonligini jazoni yengillashtiruvchi sabablar sifatida baholagan.
Natijada har ikki sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.
Ularning har biriga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Jazoni yashash joyida o‘tash belgilangan. Shuningdek, sud tomonidan ayrim cheklovlar, jumladan, ruxsatsiz yashash joyini o‘zgartirish va Buxoro viloyatidan tashqariga chiqish taqiqlangan.
Avvalroq Andijonda 21 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisini mashinasida olib ketayotib YTH sodir etgan ayolga hukm o‘qilgan edi.
