Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida 21 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisini shaxsiy Tracker avtomobilida olib ketayotib yo‘l-transport hodisasiga uchragan ayolga sud hukmi o‘qildi. Hodisa oqibatida 6 yoshli qizaloq vafot etgan, yana yetti nafar bola turli darajada tan jarohati olgan.
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida 2026-yil 21-fevral kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan sud hukmi e’lon qilindi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 1986-yilda tug‘ilgan I.A. tanishi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha tashkil etgan. Bog‘cha rasmiy ravishda tanishi nomida bo‘lgan, biroq ular uni birgalikda boshqargan.
Bog‘chada bolalarni uyidan olib kelish uchun maxsus transport bo‘lmagan. Shu sababli I.A. ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida ularni o‘zining Tracker avtomobilida bog‘chaga olib kelib, kechqurun yana uylariga eltib qo‘ygan.
Hodisa kuni u 21 nafar bolani avtomobiliga mindirib, bog‘cha tomon yo‘l olgan. Bolalar salonning old va orqa o‘rindiqlariga, ayrimlari esa yukxona qismiga joylashtirilgan.
I.A.ning aytishicha, yo‘lda katta tezlikda harakatlangan noma’lum avtomobil uning mashinasiga juda yaqin kelgan. U qo‘rqib rulni o‘ng tomonga burib yuborgan va natijada boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi beton yoritish ustuniga urilgan.
Hodisa oqibatida 6 yoshli qizaloq og‘ir tan jarohati olib, to‘rt kundan so‘ng shifoxonada vafot etgan. Yana bir bola o‘rta og‘ir, olti nafar bola esa yengil tan jarohati olgan.
Sudda I.A. aybini tan olib, yo‘l harakati qoidalarini buzganini va avtomobilga me’yordan ortiq yo‘lovchi olganini bildirgan. Shuningdek, marhumaning dafn marosimiga moddiy yordam ko‘rsatganini, qilmishidan pushaymonligini hamda II guruh nogironi ekanini aytib, yengilroq jazo so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jaobod tuman sudi uni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topdi. Sud hukmiga ko‘ra, I.A. 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi hamda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Avvalroq 13 nafar bolani Matizda bog‘chaga olib ketayotgan ayol YTH ga uchragani haqida xabar bergan edik.
