Angliyaning ayrim hududlarida yoshlar uchun avgust oyida 16–18 yoshdagilar uchun avtobusda bepul qatnov imkoniyati joriy etildi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Angliyaning Sharqiy O‘rta yerlari hududidagi Derbi, Derbishir, Nottingem va Nottingemshirda 16–18 yoshli yoshlar avgust oyida avtobuslardan bepul foydalanishi mumkin. Ushbu tashabbus Sharqiy Midlend hokimi tomonidan moliyalashtirilmoqda.
Sharqiy Midlands, Sharqiy O‘rta yerlar yoki Sharqiy Markaziy O‘lkalar (inglizcha: East Midlands) — Angliyaning (Buyuk Britaniya) to‘qqizta rasmiy geografik va statistik mintaqalaridan biri bo‘lib, mamlakatning markaziy qismida joylashgan butun boshli bir katta hudud.
Angliya hukumatining “Great British Summer Savings” dasturi doirasida Angliyada 5–15 yoshli bolalar tegishli yo‘nalishlarda avtobuslardan allaqachon bepul foydalanishi mumkin. 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa yil davomida avtobuslarda bepul qatnaydi.
Xususan, Sharqiy Midlands hokimi Kleyr Vard tomonidan 16–18 yoshli yoshlar uchun ham avgust oyida bepul qatnovni ta’minlashga mablag‘ ajratilgan. Tashabbus Derbi, Derbishir, Nottingem va Nottingemshir hududlarini qamrab oladi.
Milliy dastur kichik yoshdagi farzandlari bor oilalar uchun yaxshi yordam bo‘ldi. Ammo men 16–18 yoshli yoshlar ham bu imkoniyatdan chetda qolmasligi kerak, deb hisobladim, — dedi hokim.
Uning ta’kidlashicha, hech bir yosh avtobus yo‘l haqini to‘lashga imkoniyati bo‘lmagani sababli ish, kasbiy ta’lim, o‘qish yoki do‘stlari bilan vaqt o‘tkazish imkoniyatidan mahrum bo‘lmasligi kerak.
Yangi imkoniyat bo‘yicha yo‘lovchilarning munosabati
18 yoshli Bailey Peach A-level imtihonlarini yaqinda yakunlaganini va bepul avtobus qatnovi unga pitsa restoranidagi ishiga borib-kelishni osonlashtirganini aytgan.
Bu menga moliyaviy yukni kamaytiradi va ota-onamdan meni olib borib qo‘yishlarini so‘rashimga to‘g‘ri kelmaydi, — dedi u.
Uning hamkasbi, 17 yoshli Ketlin Snit, bepul qatnov o‘z yoshidagi ishlamayotgan, ta’lim olmayotgan yoki kasbiy tayyorgarlikdan o‘tmayotgan yoshlar muammosini hal qilishga ham yordam berishi mumkinligini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bepul avtobuslar yoshlarning boshqa hududlardan ish izlash imkoniyatini kengaytiradi, chunki transport xarajatlari vaqt o‘tishi bilan sezilarli summaga aylanadi.
Dasturda 20 ta avtobus operatori ishtirok etmoqda. Ular orasida ‘‘Nottingham City Transport’’, ‘‘Trentbarton’’ va ‘‘Arriva’’ ham bor.
“Nottingham City Transport” boshqaruvchi direktori David Astillning aytishicha, tashabbus yoshlarning shahar bo‘ylab ko‘proq harakatlanishiga imkon beradi.
Bepul qatnovdan foydalanish uchun 16–18 yoshli yoshlar pasport yoki haydovchilik guvohnomasi kabi yoshni tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi talab qilinishi mumkin. Shuningdek, ular dasturda ishtirok etayotgan avtobus operatorlaridan yoshni tasdiqlovchi karta olishlari mumkin.
Avvalroq, yana bir davlatda 2027-yil yanvardan boshlab 11–18 yoshdagi o‘quvchilarga bepul avtobus qatnovini joriy etilishi haqida xabar bergan edik.
