Xorij tajribasi: Buyuk Manchester hukumati 2027-yildan o‘quvchilarga bepul avtobus qatnovini joriy etmoqda

Xorij tajribasi: Buyuk Manchester hukumati 2027-yildan o‘quvchilarga bepul avtobus qatnovini joriy etmoqda

2027-yil yanvar oyidan Buyuk Manchesterda ayrim o‘quvchilar uchun avtobuslarda bepul qatnov yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda shaharning yangi hokimi Bev Kreyg ma’lumotiga tayanib, BBC nashri xabar berdi. 

 

Buyuk Manchesterda 11–18 yoshdagi o‘quvchilar tez orada avtobuslarda bepul qatnov huquqiga ega bo‘ladi. Bu haqda joriy yil 31-iyul kuni shahar hokimi etib saylangan Leyboristlar partiyasi vakili Bev Kreyg ma’lum qildi.

 

Uning aytishicha, yangi tartib 2027-yil yanvar oyidan joriy etiladi.

 

Hozirda amal qilayotgan Our Pass dasturi 16–18 yoshdagi o‘quvchilarga “Bee Network” jamoat transporti tarmog‘ida bepul qatnov imkonini bermoqda. Endilikda ushbu imtiyoz 11 yoshdan boshlab ham amal qiladi. Yangi hokimning ta’kidlashicha, bu oilalarda har bir farzand uchun yiliga o‘rtacha 500 funt sterling (672 AQSH dollari) tejash imkonini beradi.

 

Buyuk Manchesterdagi ko‘plab oilalar turmush xarajatlarining oshishi sabab qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mer (hokim) sifatidagi ilk kunimda ularning hayotini biroz yengillashtiradigan amaliy qadam tashlamoqchiman, — dedi Bev Kreyg.

 

Hozirda dasturdan 50 mingdan ortiq 16–18 yoshli yoshlar foydalanmoqda. Yangi tartib kuchga kirgach, undan foydalanuvchilar soni 200 ming nafargacha yetishi kutilmoqda. Bu esa o‘quvchilarning maktablar, o‘quv kurslari va boshqa imkoniyatlarga yetib borishini yanada osonlashtiradi.

 

Hokimning ma’lum qilishicha, dastur bo‘yicha arizalar joriy yil oxirida qabul qilina boshlaydi. Oilalar transport kartasi uchun oldindan murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Shuningdek, 30-avgustdan boshlab “Bee Network” avtobus tizimida ham qator yangiliklar joriy etiladi. Jumladan, Stockport, Wigan va Ashton yo‘nalishlarida yangi avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi, shuningdek, butun shahar hududi bo‘ylab tungi avtobus qatnovlari tashkil etiladi.

 

Avvalroq, O‘zbekistondagi olis va chekka hududlardagi maktab oʻquvchilari uchun bepul avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyilishi haqida xabar bergan edik.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish