Nodavlat oliy ta’limga ixtisoslashgan Telegram-kanallardan biri o‘qishni tiklash va ko‘chirib tiklash bilan bog‘liq ikki murojaatni e’lon qildi. Unda ta’lim yo‘nalishi tugatilgan yoki boshqa oliy ta’lim muassasasiga o‘tkazilgan holatlarda talabalarning o‘qishini davom ettirishi bilan bog‘liq amaliyot yuzasidan qator savollar o‘rtaga tashlangan.
Nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari Telegram-kanalida o‘qishni ko‘chirish va tiklash bilan bog‘liq ikki murojaat e’lon qilindi.
Birinchi murojaatda Agrar universitetining yuridik ta’lim yo‘nalishiga superkontrakt asosida o‘qishga kirgan talabaning holati keltirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, bir talaba birinchi kursning birinchi semestrini muvaffaqiyatli yakunlagan, biroq ikkinchi semestrni tugata olmagani sababli kursdan qolgan. Oradan vaqt o‘tib o‘qishini tiklash uchun murojaat qilganida esa universitetda yuridik ta’lim yo‘nalishi tugatilgani ma’lum bo‘lgan.
Shundan so‘ng u boshqa davlat oliy ta’lim muassasasining yuridik yo‘nalishida o‘qishini davom ettirish uchun ariza bergan. Lekin talaba va uning onasining so‘zlariga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan arizaga rad javobi berilishi mumkinligi aytilgan. Rad javobiga esa Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan 3-ilovaning 10-bandi to‘rtinchi xatboshisi asos qilib ko‘rsatilgan.
Ammo ayni nizomning 8-bandida mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabani bir oliy ta’lim tashkilotidan boshqasiga ko‘chirish va ko‘chirib tiklash mumkinligi aniq yozilgan. Bunday qarorni talabani qabul qilayotgan universitet bo‘ysunadigan vazirlik yoki idora qabul qiladi, — deyiladi postda.
Kanal muallifi, shuningdek, qarorning 10-bandida ham ayrim istisnolar nazarda tutilganini eslatib, quyidagi savolni o‘rtaga tashlaydi.
Talaba o‘qigan universitetda yuridik yo‘nalish yopilgan, ammo boshqa davlat universitetlarida aynan shu yo‘nalish faoliyat yuritmoqda. Shunday ekan, nega uning arizasi 8-band asosida ko‘rib chiqilmayapti-yu, faqat rad javobiga oid band asos qilib olinmoqda?
Ikkinchi murojaat pedagogika yo‘nalishiga oid
Telegram-kanalida e’lon qilingan ikkinchi murojaatda esa davlat universitetlaridan birining pedagogik yo‘nalishida tahsil olgan fuqaroning holati bayon qilingan.
Uning ma’lum qilishicha, talaba bir necha yil avval pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan vaqtda turli sabablarga ko‘ra o‘qishini davom ettira olmagan. Endi o‘qishini tiklash uchun murojaat qilganida esa avval tahsil olgan ta’lim yo‘nalishi hozirgi paytda shu oliygohda mavjud emasligi ma’lum bo‘lgan.
Bunga sabab sifatida viloyatlardagi davlat universitetlarining pedagogik yo‘nalishlari keyinchalik pedagogika institutlariga o‘tkazilgani ko‘rsatilgan.
Kanalning yozishicha, murojaatchiga turdosh ta’lim yo‘nalishi taklif qilingan. Ammo o‘quv rejalari o‘rtasidagi fanlar farqi katta bo‘lgani sababli, 4 yillik ta’limning ma’lum qismini qaytadan o‘qishi, amalda esa yana 2 yil ortga qaytishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, taklif etilgan ta’lim shakli kunduzgi bo‘lgani uchun fuqaroning ish faoliyati va oilaviy sharoitiga mos kelmasligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, murojaatchi avval tahsil olgan aynan shu ta’lim yo‘nalishi bugungi kunda pedagogika institutida sirtqi ta’lim shaklida mavjud.
Shu munosabat bilan kanal quyidagi savolni o‘rtaga tashlagan.
Agar ta’lim yo‘nalishi davlatning o‘zi tomonidan pedagogika institutlariga o‘tkazilgan bo‘lsa, nega talaba aynan o‘sha yo‘nalish bo‘yicha o‘qishini davom ettira olmayapti?
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur masala yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibiga rasmiy munosabat olish uchun so‘rov yubordi. Vazirlikning javobi olingach, qo‘shimcha ma’lumot e’lon qilinadi.
Avvalroq, 5-avgust kuni o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ariza yuborishning so‘nggi kuni ekanligi haqida xabar bergan edik.
