Bugun o‘qishni ko‘chirish uchun ariza topshirish jarayonlari yakunlanadi

Bugun o‘qishni ko‘chirish uchun ariza topshirish jarayonlari yakunlanadi

O‘qishini boshqa oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirishni rejalashtirayotgan talabalar bugun, 5-avgust kuni ariza topshirishga ulgurishlari kerak. Belgilangan muddat tugagach, arizalar qabul qilinmaydi.

 

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi. Demak, bugun ariza topshirishning so‘nggi kuni hisoblanadi.

 

Arizalar quyidagi platformalar orqali onlayn yuboriladi:

 

  • transfer.edu.uz — davlat oliy ta’lim muassasasining biridan boshqasiga hamda bir oliygoh ichida o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lganlar;
  • my.uzbmb.uz — xorijiy mamlakatlarda yoki respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat OTMlariga hamda xorijiy OTMlardan nodavlat OTMlarga o‘qishni ko‘chirish uchun.

 

Arizalar 5-avgustdan 30-avgustgacha ko‘rib chiqiladi. Yakuniy qaror haqida talabgorga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) yoki maxsus elektron platforma orqali xabarnoma yuboriladi.

 

Kimlar o‘qishini ko‘chirishi mumkin?

 

Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekistondagi bir oliy ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘qishni ko‘chirish faqat quyidagi ikki toifadagi talabalarga ruxsat etiladi:

 

  • talaba turmushga chiqqan bo‘lsa, turmush o‘rtog‘ining yashash joyidagi OTMga;
  • davlat xizmatchisining ish joyi o‘zgarganda uning farzandi yoki turmush o‘rtog‘i tegishli rahbar tavsiyanomasi asosida o‘qishini ko‘chirishi mumkin.

 

Ariza topshirishda qanday hujjatlar kerak?

 

O‘qishni ko‘chirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

 

  • ko‘chirishni istagan ta’lim yo‘nalishi, ta’lim tili va ta’lim shakli ko‘rsatilgan ariza;
  • reyting daftarchasi yoki akademik ma’lumotnoma nusxasi;
  • ichki perevod bo‘lsa, asoslantiruvchi hujjat;
  • pasport yoki ID-karta nusxasi.

 

Ariza qachon rad etilishi mumkin?

 

Arizalar qator holatlarda rad etilishi mumkin. Jumladan, akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan xorijiy OTMlarda tahsil olganlar, birinchi kursning birinchi semestrini tugatmagan talabalar, fanlar bo‘yicha farqlar 4 tadan oshgan holatlar, mos ta’lim yo‘nalishi yoki ta’lim shakli mavjud bo‘lmaganda, kontrakt to‘lovi o‘z vaqtida amalga oshirilmaganda hamda amaldagi tartibda belgilangan boshqa asoslar bo‘yicha o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.

 

Grant asosida o‘qishni ko‘chirish uchun talaba grant asosida tahsil olayotgan bo‘lishi va ariza berilgan OTMning joriy yilgi qabul kvotasida grant o‘rinlari mavjud bo‘lishi lozim.

 

Imtihon qanday tartibda o‘tkaziladi?

 

Arizasi ma’qullangan xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekiston OTMlariga o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar ham maxsus sinovlardan (test, yozma ish yoki kasbiy (ijodiy) imtihon) tashkil etiladi. Sinovlar talaba o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tasdiqlangan mutaxassislik fanlaridan o‘tkaziladi.

 

Imtihonlar talabgor o‘qishini davom ettirmoqchi bo‘lgan guruhning ta’lim tilida — o‘zbek, rus, qoraqalpoq yoki boshqa tillarda tashkil etiladi.

 

O‘qishini ko‘chirishni rejalashtirayotgan talabalar arizalarini bugun, 5-avgust kuni, belgilangan platformalar orqali topshirishga ulgurishlari lozim.

 

Avvalroq, o‘qishni ko‘chirish va tiklash bo‘yicha turdosh yo‘nalishlar ro‘yxati tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.

 

Shuningdek, o‘qishni nodavlat oliygohga ko‘chirishdagi talablar yengillashtirilishi kutilmoqda.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish