2027-yil yanvar oyidan AQShning Nyu-York shtatida ijtimoiy tarmoqlar voyaga yetmagan foydalanuvchilar uchun yangi cheklovlarni joriy etadi. Endilikda platformalar 18 yoshgacha bo‘lganlarga algoritmik tavsiyalarni faqat ota-onasi roziligi bilan taqdim etishi, tungi bildirishnomalarni esa cheklashi kerak bo‘ladi.
AQShning Nyu-York shtatida 2027-yil 25-yanvardan boshlab ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish qoidalari o‘zgaradi. Endilikda platformalar foydalanuvchilarning yoshini tasdiqlashi hamda voyaga yetmaganlar uchun qator cheklovlarni joriy etishi shart bo‘ladi.
Bu tartiblar joriy yil 28-iyul kuni Nyu-York gubernatori Keti Xokul va shtat bosh prokurori Letitsiya Jeyms tomonidan e’lon qilindi. Ular bolalarni ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikdan himoya qilishga qaratilgan “SAFE for Kids Act” qonunini amalda qo‘llash bo‘yicha yakuniy qoidalarni tasdiqlagan.
18 yoshgacha bo‘lganlar uchun qanday cheklovlar joriy etiladi?
Yangi qoidalarga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarga ota-onasining roziligisiz algoritmlar asosida shakllantiriladigan tavsiyaviy lentadan (feed) foydalanishga ruxsat berilmaydi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarga voyaga yetmagan foydalanuvchilarga soat 00:00 dan 06:00 gacha bildirishnomalar (notification) yuborish taqiqlanadi.
Rasmiylar aynan foydalanuvchining avvalgi qiziqishlari, yoqtirishlari va faolligiga qarab shakllantiriladigan tavsiyaviy lentalar bolalarda ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikni kuchaytirishini ta’kidlamoqda.
Bizning maqsadimiz oddiy — bolalarga bolaligini qaytarish va ularga ko‘pchiligimiz ulg‘aygan davrdagidek beg‘am bolalikni taqdim etish, — dedi gubernator Keti Xokul.
Shtat bosh prokurori Letitsiya Jeyms esa yangi qoidalar yoshni tasdiqlash va ota-onalar nazorati bo‘yicha yagona standartlarni belgilashini hamda texnologik kompaniyalarning bolalarni himoya qilishdagi mas’uliyatini oshirishini qayd etdi.
Yosh qanday tasdiqlanadi?
Qoidalarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarning yoshini mustaqil uchinchi tomon xizmatlari orqali tekshiradi.
Bunda quyidagi usullardan foydalanish mumkin:
- davlat tomonidan berilgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatni tekshirish;
- foydalanuvchidan surat yoki video taqdim etishni so‘rash;
- elektron pochta manzili yoki telefon raqami orqali yoshga oid ma’lumotlarni boshqa manbalar bilan solishtirish.
Shuningdek, platformalar kamida ikkita tasdiqlash usulini taklif qilishi kerak. Agar shaxsni tasdiqlovchi hujjat asosiy usul sifatida tanlansa, foydalanuvchiga muqobil variant (qo‘shimcha usul) ham taqdim etilishi lozim.
Talabni bajarmagan platformalar jarimaga tortiladi
“SAFE for Kids Act” qonuni 2027-yil 25-yanvardan to‘liq kuchga kiradi.
Shundan so‘ng yangi talablarga rioya qilmagan ijtimoiy tarmoq kompaniyalari har bir aniqlangan qoidabuzarlik uchun 5 ming AQSh dollari miqdorida jarima to‘laydi.
Qonun yuzasidan bahslar davom etmoqda
Xususan, yangi tartiblar yuzasidan huquqiy bahslar ham davom etmoqda.
Yirik texnologik kompaniyalar manfaatlarini himoya qiluvchi “NetChoice” tashkiloti Nyu-York shtati mazkur qonun orqali so‘z erkinligini cheklayotgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Bosh prokuror Letitsiya Jeyms esa qonun sudda ham o‘z kuchini saqlab qolishiga ishonch bildirdi. Uning ta’kidlashicha, agar ota-onalar rozilik bersa, voyaga yetmagan foydalanuvchilarga nisbatan qo‘yilgan cheklovlar qo‘llanilmaydi.
Yangi qoidalarni bir qator mutaxassislar ham qo‘llab-quvvatlagan. Jumladan, “Common Sense Media” prezidenti Jeyms Steyer ularni “inqilobiy qadam” (inson hayotida tub burilish yasaydigan qaror) deb atagan. Nyu-York shtati Pediatriya akademiyasi vakili doktor Jeff Kazkorovski esa ushbu tartiblar bolalar uchun sog‘lomroq raqamli muhit yaratishga xizmat qilishini ta’kidlagan.
Avvalroq, Janubiy Koreya 14 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga cheklov qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edik.
