Talabalar turar joyiga joylashish uchun arizalar qabuli 1-avgustdan boshlanadi. Yangi tartibga koʻra, yotoqxonaga joylashish va vaqtincha roʻyxatdan oʻtish jarayonlari birlashtirilib, talabalar uchun yanada qulay tizim joriy etildi.
1-avgustdan boshlab oliy taʼlim muassasalari talabalar turar joyiga (TTJ) joylashish uchun arizalar qabuli boshlanadi. Bu yil yotoqxonaga joylashish va vaqtincha roʻyxatdan oʻtish jarayoni birlashtirilib, talabalar barcha xizmatlardan yagona ariza orqali foydalanishi mumkin boʻladi.
Yangi tartibga koʻra, talabalar yotoqxonaga joylashgach, vaqtincha roʻyxatdan oʻtish uchun alohida hujjatlar tayyorlashi yoki boshqa idoralarga murojaat qilishi shart emas. Mazkur xizmatlar kompozit (birlashtirilgan) xizmat asosida avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Buning uchun talabalar my.gov.uz portali orqali “Talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza yuborish” xizmatini tanlab, zarur maʼlumotlarni kiritishi kerak.
Ariza koʻrib chiqilgach, talabaga elektron shartnoma va yoʻllanma taqdim etiladi. Shartnomada koʻrsatilgan toʻlov amalga oshirilgandan soʻng kompozit xizmat ishga tushadi va vaqtincha roʻyxatdan oʻtish uchun toʻlov avtomatik shakllantiriladi.
Roʻyxatdan oʻtish toʻlovi toʻlangach esa talabaga turgan joyi boʻyicha vaqtincha roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi qayd varagʻi elektron shaklda taqdim etiladi.
Shuningdek, turgan joy boʻyicha vaqtincha roʻyxatga qoʻyish muddati toʻlov amalga oshirilgan kundan boshlab shartnomada koʻrsatilgan muddat yakuniga qadar amal qiladi.
