Angliya Ta’lim departamentining 607 mingdan ortiq ma’lumotlari kiberhujumga uchradi

Angliya Ta’lim departamentining 607 mingdan ortiq ma’lumotlari kiberhujumga uchradi

BBC nashri 2026-yil 29-iyul kuni e’lon qilgan maqolasida yozishicha, xakerlar Angliyadagi Ta’lim departamenti (Department for Education – DfE) axborot tizimiga uyushtirilgan kiberhujum natijasida 607 mingga yaqin ma’lumotlar qaydini noqonuniy qo‘lga kiritgan.

 

Angliya Ta’lim departamenti ma’lumotiga ko‘ra, o‘g‘irlangan ma’lumotlar orasida jismoniy shaxslar va tashkilotlarga tegishli telefon raqamlari hamda elektron pochta manzillari mavjud. Biroq bank rekvizitlari yoki boshqa maxfiy moliyaviy ma’lumotlar ushbu hodisadan zarar ko‘rmagan.

 

Ta’lim Departament kiberhujumni tasdiqlab, hozirda Milliy kiberxavfsizlik markazi (NCSC) hamda Milliy jinoyatchilik agentligi (NCA) bilan hamkorlikda hodisa yuzasidan tekshiruv olib borayotganini ma’lum qilgan.

 

Angliyadagi Ta’lim departamenti (DfE) qanday ma’lumotlarni saqlaydi?

 

Angliyadagi Ta’lim departamenti (Department for Education – DfE) bolalar, o‘quvchilar hamda ta’lim sohasi xodimlariga oid juda katta hajmdagi ma‘lumotlar bazalarini yuritadi. Departamentning asosiy axborot tizimlari orasida Milliy o‘quvchilar bazasi (National Pupil Database – NPD), Shaxsiy ta’lim qaydlari (Personal Learning Record – PLR) hamda Education Record App raqamli ta’lim ilovasi mavjud.

 

Ta’lim departamenti tomonidan to‘planadigan va muntazam yangilanib boriladigan ma’lumotlar quyidagi asosiy yo’nalishlarni o‘z ichiga oladi.

 

1. O‘quvchilar va ta’lim oluvchilarga oid ma’lumotlar

 

Milliy o‘quvchilar bazasi (National Pupil Database – NPD) millionlab o’quvchilarga oid shaxsiy va maxfiy ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Unda quyidagi ma’lumotlar saqlanadi:

 

  • O‘quvchining ism-familiyasi va yashash manzili;
  • maktabga qatnash tarixi;
  • GCSE va A-level kabi davlat imtihonlari natijalari;
  • maxsus ta’lim ehtiyojlari;
  • nogironlik holati;
  • bepul ovqatlanish huquqi;
  • harbiy xizmatchilar oilasiga mansubligi.

 

Shaxsiy ta’lim qaydlari (Personal Learning Record – PLR) esa shaxsning butun ta’lim faoliyati davomida olgan malaka va sertifikatlari haqidagi doimiy elektron qayd hisoblanadi. Unda QCF, diplomlar va Functional Skills kabi malakalar aks ettiriladi.

 

2. Raqamli Education Record App

 

Mazkur tizim joriy etilgach, hukumat 11-sinf o‘quvchilari uchun Education Record App nomli raqamli ta’lim ilovasini taqdim etadi.

 

Ilovada quyidagi tasdiqlangan ma’lumotlar saqlanadi:

 

  • o’quvchining ism-familiyasi;
  • tahsil olgan maktabi;
  • rasmiy GCSE imtihonlari natijalari;
  • maxsus ta’lim yoki qo’llab-quvvatlash ehtiyojlari.

 

3. Maktablar va ta’lim muassasalariga oid ma’lumotlar

 

Get Information about Schools (GIAS) — Angliyadagi barcha ta’lim muassasalarining rasmiy reyestri hisoblanadi. Unda:

 

  • akademiyalar;
  • free school (mustaqil davlat maktablari);
  • davlat umumta’lim maktablari;
  • kollejlar haqidagi ma’lumotlar jamlangan.

 

Shuningdek, ushbu tizimda muassasalarning aloqa ma’lumotlari, boshqaruv organlari (governorlar) hamda faoliyat ko’rsatkichlari ham yuritiladi.

 

Xodimlar va pedagoglar bazasi (Workforce & Staff Records) esa o’qituvchi va boshqa ta’lim xodimlariga oid ma’lumotlarni o’z ichiga oladi. Jumladan:

 

  • ish haqi tizimi;
  • mehnatga haq to’lash bo’yicha ma’lumotlar;
  • xodimlarning aloqa ma’lumotlari.

 

4. Ma’muriy va operatsion axborot tizimlari

 

Learning Records Service (LRS) o‘quvchilarga beriladigan Unique Learner Number (ULN) — yagona ta’lim oluvchi identifikatsiya raqamini boshqaradi.

 

Turing Scheme portali esa xorijda ta’lim olayotgan britaniyalik talabalar haqidagi ma’lumotlarni yuritish uchun xizmat qiladi.

 

Kiberhujum holati bo‘yicha Angliya departamenti izohi

 

Rasmiylarga ko‘ra, mazkur hodisa fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligiga katta tahdid tug‘dirmaydi. Shuningdek, kiberhujum qisqa vaqt ichida nazorat ostiga olingani aytilgan.

 

Hodisa sabab xalqaro ta’lim almashinuvini moliyalashtiruvchi Turing Scheme dastur portali hamda Ta’lim departamenti (DfE)ning onlayn yordam xizmati faoliyatiga vaqtinchalik ta’sir ko‘rsatgan. Ushbu xizmatlar mazkur hafta oxirigacha odatdagi tartibda ishlashi kutilmoqda.

 

Biz axborotni himoya qilish bo‘yicha ishonchli mexanizmlarga egamiz va ushbu hodisani imkon qadar tezroq bartaraf etish uchun zudlik bilan choralar ko‘rdik, — dedi Ta’lim departamenti vakili.

 

Uning ta’kidlashicha, kiberhujum natijasida faqat mijozlarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq aloqa ma’lumotlari qo‘lga kiritilgan. Boshqa turdagi ma’lumotlarga noqonuniy kirish holati aniqlanmagan.

 

Departament, shuningdek, 607 ming raqami jabrlangan fuqarolar sonini emas, balki zarar ko‘rgan ma’lumotlarning umumiy sonini anglatishini alohida qayd etgan.

 

Milliy jinoyatchilik agentligi (NCA) vakili ham hodisadan xabardor ekanini bildirib, uning sabablari va oqibatlarini aniqlash maqsadida tegishli hamkor tashkilotlar bilan ishlayotganini ma’lum qildi.

 

Jumladan, Ta’lim departamenti ushbu hodisa yuzasidan Axborot komissari idorasi (Information Commissioner’s Office) ga ham rasmiy ravishda murojaat qilgan. So‘nggi yillarda ta’lim sohasiga qaratilgan kiberhujumlar soni ortib bormoqda.

 

Angliya hukumatining Cyber Security Breaches Survey hisobotiga ko‘ra, kasbiy va oliy ta’lim muassasalarining 24 foizi kamida haftasiga bir marta kiberhujum yoki ma’lumotlar xavfsizligi bilan bog‘liq hodisaga duch kelgan.

 

Shuningdek, maktablarning yarmidan ko‘pi ham so‘nggi bir yil davomida kamida bir marta kiberhujum yoki axborot xavfsizligi bilan bog‘liq hodisani boshdan kechirgan.

 

Avvalroq, Buyuk Britaniyadagi nufuzli universitet talabalarining shaxsiy ma’lumotlari kiberhujumga uchragani haqida xabar berilgandi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish