Claude sun’iy intellekt modelini ishlab chiqqan Anthropic kompaniyasi mutaxassislari odamlar kundalik ish faoliyatida sun’iy intellektdan qanday foydalanayotganini tahlil qildi. Tadqiqot natijasida yaqin yillarda sun’iy intellekt eng katta ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan kasblar reytingi e’lon qilindi.
Tadqiqot sun’iy intellekt yosh mutaxassislarni mehnat bozoridan siqib chiqarishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ortib borayotgan bir paytda o‘tkazildi.
Amerika Psixologiya Assotsiatsiyasi (APA) tomonidan 2025-yilda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, AQShdagi xodimlarning 38 foizi, kompaniya rahbarlari orasida esa 43 foizi sun’iy intellekt ularning kasbiy ko‘nikmalarini to‘liq yoki qisman qadrsizlantirishidan xavotir bildirgan.
Bu xavotirlar bejiz emas. So‘nggi yillarda bir nechta yirik kompaniyalar sun’iy intellektni keng joriy etish ortidan minglab xodimlarini qisqartirgan.
Masalan, Amazon 2026-yil yanvar oyida 16 ming nafar xodimini ishdan bo’shatishini ma’lum qildi. Kompaniya bunga boshqaruv tizimini optimallashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng qo‘llash sabab bo‘lganini bildirdi.
Oradan bir oy o‘tib, Block kompaniyasi ham 4 mingdan ortiq xodimini, ya’ni jamoasining qariyb yarmini ishdan bo’shatdi. Kompaniya rahbari Jek Dorsi sun’iy intellekt vositalari yordamida kichikroq jamoa ham avvalgidan samaraliroq ishlashi mumkinligini ta’kidladi.
Kasblarning sun’iy intellekt oldidagi zaifligi qanday baholandi?
Har bir kasb turli vazifalardan iborat. Ularning ayrimlarini sun’iy intellekt yordamida oson avtomatlashtirish mumkin, boshqalari esa hanuz inson ishtirokini talab qiladi.
Masalan, sun’iy intellekt o‘quvchilarning uy vazifalarini tekshirishi mumkin, biroq sinfni boshqarish yoki bolalar bilan ishlash kabi vazifalarni to’liq bajara olmaydi.
Anthropic mutaxassislari turli kasb egalarining Claude bilan olib borgan millionlab suhbatlarini tahlil qilib, sun’iy intellekt qaysi vazifalarda eng ko’p qo’llanayotganini aniqladi. Shu asosda “kasbning sun’iy intellekt oldidagi zaiflik darajasi” hisoblab chiqildi.
Bu ko‘rsatkich kasbga oid vazifalarning qanchasi bugunning o‘zidayoq sun’iy intellekt yordamida bajarilayotganini anglatadi. Ko’rsatkich qanchalik yuqori bo’lsa, kasb sun’iy intellekt ta’siriga shunchalik ko’proq uchraydi.
Tadqiqotga ko‘ra, eng katta xavf quyidagi toifalarga tegishli:
- katta yoshdagi ofis va boshqaruv xodimlari;
- hujjatlar bilan ishlovchi va mijozlarga xizmat ko’rsatuvchi ayollar;
- oliy ta’lim bitiruvchilari;
- yuqori maosh oluvchi mutaxassislar.
Sun’iy intellekt eng ko‘p xavf tug‘dirayotgan 10 ta kasb
- Dasturchilar — 75%
Bugungi kunda sun’iy intellektdan eng ko’p foydalanilayotgan sohalardan biri dasturlash hisoblanadi. Claude va boshqa AI modellari kod yozish, xatolarni aniqlash va tuzatish, kodni takomillashtirish hamda texnik hujjatlar tayyorlashda keng qo’llanmoqda.
Ko‘plab dasturchilar sun’iy intellektga butun boshli vazifalarni topshirib, uning ishini faqat nazorat qilish bilan cheklanmoqda.
- Mijozlarga xizmat ko’rsatish mutaxassislari — 70%
Chat-botlar va sun’iy intellekt tizimlari mijozlarning ko‘p uchraydigan savollariga javob berish, qaytarish jarayonlarini boshqarish va dastlabki yordam ko’rsatish vazifalarini tobora ko’proq bajarmoqda.
Murakkab holatlarda esa inson ishtiroki hanuz zarur.
- Ma’lumotlarni kiritish operatorlari — 67%
Hujjatlardagi ma’lumotlarni raqamli tizimlarga kiritish sun’iy intellekt uchun eng oson vazifalardan biridir. AI bunday ishlarni insondan tezroq va aniqroq bajaradi.
- Tibbiy registratorlar — 67%
Bemorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, sug‘urta ma’lumotlarini tekshirish hamda elektron tibbiy kartalarni to’ldirish kabi standart jarayonlar ham bosqichma-bosqich sun’iy intellekt zimmasiga o‘tmoqda.
- Marketologlar va bozor tahlilchilari — 65%
Reklama matnlari yozish, auditoriyani segmentlash, bozor ma’lumotlarini tahlil qilish va hisobot tayyorlash kabi vazifalarda sun’iy intellekt samarali yordamchi bo‘lib qolmoqda.
Bu esa bunday mutaxassislarga bo’lgan ehtiyojning asta-sekin kamayishiga olib kelmoqda.
- Savdo menejerlari — 63%
Mijozlar bazasini yuritish, tijorat takliflarini tayyorlash, buyurtmalarni qayta ishlash va sotuv prognozlarini tuzishda sun’iy intellektdan keng foydalanilmoqda.
Biroq muhim muzokaralar va mijoz bilan shaxsiy muloqot hali ham inson zimmasida qolmoqda.
- Moliyaviy tahlilchilar — 57%
Bozor ko’rsatkichlarini tahlil qilish, prognozlar tuzish va moliyaviy hisobotlarni tayyorlash kabi vazifalarning katta qismini sun’iy intellekt bajarishi mumkin.
- Dasturiy ta’minot testchilari (QA) — 52%
Sun’iy intellekt test ssenariylarini yozish, test ma’lumotlarini yaratish va avtomatlashtirilgan tekshiruvlarni amalga oshirishda faol qo’llanmoqda.
Ammo noodatiy xatolarni topish va mahsulotni chuqur tahlil qilishda inson hali ham muhim rol o’ynaydi.
- Axborot xavfsizligi mutaxassislari — 49%
Sun’iy intellekt loglarni tahlil qilish, shubhali faollikni aniqlash va hisobot tayyorlashni tezlashtiradi.
Shunga qaramay, yangi va murakkab kiberxavflar yuzaga kelganda yakuniy qarorni mutaxassislar qabul qiladi.
- Texnik yordam mutaxassislari — 47%
Ko’p takrorlanadigan muammolarni aniqlash va foydalanuvchilarga dastlabki javoblarni taqdim etish vazifalarida sun’iy intellekt samarali ishlamoqda.
Biroq murakkab nosozliklarni bartaraf etish yoki uskunaga bevosita xizmat ko’rsatishda inson o’rnini bosa olmaydi.
Kelajakdagi xavflar
Anthropic tadqiqoti sun’iy intellekt sabab ommaviy ishdan bo’shatishlar yuz berayotganini tasdiqlamaydi. Biroq ayrim kasblarda yangi mutaxassislarni ishga qabul qilish sur’ati allaqachon sekinlashgani kuzatilmoqda.
Xususan, sun’iy intellekt ta’siri yuqori bo‘lgan sohalarda 22–25 yoshli mutaxassislarni ishga yollash 2022-yilga nisbatan 14 foizga kamaygan.
Shuningdek, tadqiqot sun’iy intellekt imkoniyatlaridan hali to’liq foydalanilmayotganini ham ko’rsatgan. Masalan, “Kompyuter va matematika” yo’nalishidagi vazifalarning 94 foizini sun’iy intellekt bajarishi mumkin. Ammo amalda undan atigi 33 foiz holatda foydalanilmoqda.
Mutaxassislar kelajakda sun’iy intellekt mehnat bozoriga bugungidan ham kuchliroq ta’sir ko‘rsatishini istisno etmayapti.
Sun’iy intellekt ta’siri kam bo‘lgan kasblar
Anthropic tadqiqotiga ko’ra, kasblarning qariyb 30 foizi hozircha sun’iy intellekt ta’siriga deyarli uchramaydi.
Bular asosan jismoniy mehnat va amaliy ko’nikmalarni talab qiladigan kasblardir:
- oshpaz;
- bog‘bon;
- mototsikl ustasi;
- qutqaruvchi;
- barmen;
- idish yuvuvchi;
- garderob xodimi.
Bunday kasblarda insonning jismoniy ishtiroki va amaliy tajribasi muhim bo‘lgani sababli, sun’iy intellekt ularning o’rnini yaqin kelajakda to’liq bosa olmaydi.
Kanadaning Jobber kompaniyasi 2025-yilgi hisobotiga ko‘ra, Z avlodining 77 foizi avtomatlashtirish qiyin bo‘lgan kasblarni afzal ko‘rmoqda. Ularning 60 foizi qurilish, elektrotexnika, ishlab chiqarish hamda muhandislik tizimlariga xizmat ko’rsatish sohalarida ishlashni rejalashtirmoqda.
Bunga asosiy sabab sifatida barqaror daromad, ish o‘rnining xavfsizligi va sun’iy intellekt ta’sirining nisbatan pastligi ko‘rsatilmoqda.
Avvalroq, har qanday yoshda o‘rganish mumkin bo‘lgan 10 ta kasb haqida ma’lumot berilgandi.




