Magistrlik dissertatsiyasi himoyasida qoʻyilgan baholarni qayta koʻrib chiqish imkoniyati yaratildi. Vazirlar Mahkamasining yangi qarori bilan bitiruvchilarning apellyatsiya berish va komissiya qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibi belgilandi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-son “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qarori bilan magistratura tizimiga oid qator oʻzgartirishlar kiritildi.
Mazkur qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 2-martdagi 36-son qarori bilan tasdiqlangan “Magistratura toʻgʻrisida”gi nizom yangi 45¹–45⁵-bandlar bilan toʻldirildi.
Endilikda magistrlik dissertatsiyasini baholash natijasidan norozi boʻlgan bitiruvchilarning murojaatlarini koʻrib chiqish uchun oliy taʼlim tashkiloti rektori (yoki filial direktori) buyrugʻi bilan apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya komissiyasi oliy taʼlim muassasasining ilmiy-pedagogik xodimlari, tegishli soha korxona va tashkilotlarining malakali mutaxassislari hamda turdosh oliy taʼlim muassasalarining tajribali professor-oʻqituvchilari va ilmiy xodimlaridan iborat kamida 5 nafar aʼzodan shakllantiriladi. Bunda oliy taʼlim muassasasining ilmiy-pedagogik xodimlari komissiya umumiy tarkibining 40 foizigacha qismini tashkil etishi mumkin.
Shuningdek, joriy yilda magistrlik dissertatsiyasini baholash jarayonida ishtirok etgan komissiya aʼzolari apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilmaydi.
Yangi tartibga koʻra, magistrlik dissertatsiyasi himoyasida qoʻyilgan bahodan norozi boʻlgan bitiruvchi baholar eʼlon qilingan kundan boshlab 72 soat ichida apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga ega.
Apellyatsiya komissiyasi murojaatni 24 soat ichida koʻrib chiqadi hamda shikoyatni qanoatlantirish yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Qaror nusxasi qabul qilingan kunning oʻzida bitiruvchiga taqdim etiladi.
Bundan tashqari, apellyatsiya komissiyasi qaroridan norozi boʻlgan bitiruvchi qonunchilikda belgilangan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin.
Avvalroq, magistratura mutaxassisliklariga hujjatlar qabuli boshlanganligi haqida xabar bergan edik.
