Bugun, 5-iyuldan boshlab texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar uchun oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida 2-kursdan o‘qishga qabul qilish jarayoni boshlandi.
Arizalar 25-iyulga qadar (shu kuni ham) my.edu.uz platformasi orqali onlayn tarzda topshiriladi. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlardan diplomning asl nusxasi talab etilmaydi — faqat shaxsni tasdiqlovchi ma’lumotlarni kiritish kifoya bo‘lib, zarur ma’lumotlar tizim tomonidan avtomatik ravishda shakllantiriladi.
Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga kimlar kiradi?
Ushbu toifaga texnikumdagi o‘qish davrida o‘quv semestrlari yakuniga ko‘ra o‘zlashtirish baholari 5 (a’lo) va 4 (yaxshi) bo‘lgan, biroq baholarining kamida 50 foizi 5 (a’lo) (tibbiyot yo‘nalishlarida kamida 85 foizi) bo‘lgan bitiruvchilar kiradi.
Kimlar talabalikka tavsiya etiladi?
Suhbat natijalariga ko‘ra, OTT komissiyasi tomonidan tasdiqlangan yakuniy baholash varaqasida suhbat komissiyasi a’zolari qo‘ygan ballarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 67 ball va undan yuqori bo‘lsa, abituriyent suhbatdan o‘tgan hisoblanadi hamda to‘lov-kontrakt asosida 2-kursdan talabalikka tavsiya etiladi.
Ma’lumot uchun, ushbu tartib oliy harbiy, oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari, Toshkent davlat yuridik universiteti, shuningdek O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallariga tatbiq etilmaydi.
Texnikum bitiruvchilari OTMlarning 2-bosqichidan oʻqishni davom ettirishi mumkin boʻlgan oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari roʻyxatini quyidagi havola orqali yuklab olishingiz mumkin:
