TDAUda Xitoy bilan hamkorlikda baliqchilik va akvakultura fakulteti ochiladi

TDAUda Xitoy bilan hamkorlikda baliqchilik va akvakultura fakulteti ochiladi

2027/2028-o‘quv yilidan Toshkent davlat agrar universiteti va Xitoyning Daliyan universiteti hamkorligida baliqchilik va akvakultura bo‘yicha qo‘shma fakultet tashkil etiladi. Yangi fakultetga har yili 50 nafargacha talaba davlat granti asosida qabul qilinadi.

 

2026-yil 2-iyul kuni Prezidentning “Baliqchilik tarmogʻini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi PF–122-son Farmoni qabul qilindi.

 

Farmonga koʻra, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi negizida Markaz huzurida Baliqchilikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (Jamgʻarma) tashkil etiladi.

 

2027-yil 1-mayga qadar baliqchilik xoʻjaliklarida suv resurslaridan foydalanish, baliq yetishtirish hajmi, ozuqa sarfi va qoʻllanayotgan texnologiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yagona tizimda yuritish hamda ijaraga beriladigan suv obyektlari hisobini yuritish boʻyicha “e-baliq” elektron platformasi joriy etiladi.

 

Toshkent davlat agrar universiteti va Xitoyning Daliyan universiteti bilan hamkorlikda 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab baliqchilik va akvakultura boʻyicha qoʻshma fakultet tashkil etiladi.

 

Bunda:

 

– yiliga 50 nafargacha abituriyent talabalikka davlat granti asosida qabul qilinadi;

 

– taʼlim jarayonlari “2+1” shaklida tashkil etiladi va qabul kvotalari har yili oʻrnatilgan tartibda davlat buyurtmasi qabul parametrlari doirasida tasdiqlanadi.

 

Avvalroq, bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida oʻtkazilgan  baliqchilik sohasini rivojlantirish va uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taqdimotda taklif kiritilgan edi.