Agrar universitetida Rossiya va Xitoy universitetlari bilan qo‘shma fakultetlar ochiladi

Agrar universitetida Rossiya va Xitoy universitetlari bilan qo‘shma fakultetlar ochiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda Agrar universitet, Rossiyaning Astraxan davlat texnika universiteti va Xitoyning Dalyan okean universiteti hamkorligida baliqchilik hamda akvakultura yo‘nalishida qo‘shma fakultet ochish taklifi ko‘rib chiqildi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev baliqchilik sohasini rivojlantirish va uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

 

Taqdimot davomida mamlakatdagi 329 ta tabiiy suv havzasi va suv ombori hamda ular atrofidagi 163 ming gektar yer maydonlarini ijaraga berishning yangi va ochiq tizimini joriy etish, shuningdek, intensiv baliqchilik va naslchilik xo‘jaliklarini zarur hajmdagi suv bilan muntazam ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

 

Qayd etilishicha, hozirda intensiv usulda yetishtirilayotgan baliq hajmi umumiy ishlab chiqarishning 20 foizidan ortmayapti. Holbuki, zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llash orqali hosildorlik va daromadni bir necha barobar oshirish mumkin. Mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanilgan taqdirda, baliq yetishtirish hajmini besh baravargacha ko‘paytirish imkoniyati mavjud.

 

Shu munosabat bilan sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish va tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari taklif qilindi. Jumladan, yopiq suv aylanma tizimlarini o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash, naslli ona baliqlar importiga subsidiya ajratish, quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish hamda aylanma mablag‘lar uchun beriladigan imtiyozli kreditlar foizlarining bir qismini kompensatsiya qilish rejalashtirilmoqda.

 

Bundan tashqari, baliqchilik xo‘jaliklarini kreditlash tizimini kengaytirish, milliy va xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qisman qoplash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.

 

Mazkur choralar natijasida kelgusi yilda baliq yetishtirish hajmini 500 ming tonnadan oshirish vazifasi belgilandi.

 

Taqdimotda naslchilik va ilmiy tadqiqotlar masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Yuqori mahsuldorlikka erishishda sifatli chavoq va kuchli genetik salohiyat muhim omil ekani ta’kidlandi. Shu sababli karp, laqqa, forel va osyotr kabi baliq turlarining naslini yaxshilash, yangi zotlarni mahalliy iqlimga moslashtirish bo‘yicha ishlar olib boriladi.

 

Kelgusi yildan boshlab tog‘oldi hududlarida forel va osyotr baliqlarini yetishtirish quvvatlarini yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti uchun Ohangaron daryosi bo‘yida tajriba-sinov maydoni tashkil etiladi. Milliy karp zotini yaratish bo‘yicha xorijiy grantlarni jalb qilish ham ko‘zda tutilgan.

 

Sohani malakali mutaxassislar bilan ta’minlash masalasi ham muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Shu maqsadda Agrar universitet tomonidan Astraxan davlat texnika universiteti va Dalyan okean universiteti bilan hamkorlikda baliqchilik va akvakultura yo‘nalishida qo‘shma fakultet tashkil etish taklifi ko‘rib chiqildi.

 

Baliqchilik tarmog‘ini raqamlashtirish bo‘yicha ham qator tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, suv resurslaridan foydalanish, yer maydonlari, noqonuniy baliq ovlash holatlari, soliq to‘lovlari va baliq mahsulotlari harakati haqidagi ma’lumotlarni yagona tizimga jamlaydigan elektron platforma yaratish taklif etildi. Sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish orqali xarajatlarni kamaytirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish mumkinligi qayd etildi.

 

Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, baliqchilik sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

 

Mutasaddilarga zamonaviy texnologiyalar va ilmiy yondashuvlarga tayangan holda baliqchilikni rivojlantirish, tadbirkorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda aholining sifatli va hamyonbop baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.