14-sentyabr kuni barcha OTMlarda yuqori bosqich talabalari uchun yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar oqimi keskin oshdi. Kun davomida metro xizmatlaridan 1 165 550 nafar yo‘lovchi foydalangan. Bu metropoliten tarixidagi eng yuqori kunlik ko‘rsatkich bo‘ldi.
Xabaringiz bor, kuni kecha 14-sentyabr kuni O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim muassasalarida yuqori bosqich talabalari uchun yangi o‘quv yili boshlandi. Shu munosabat bilan jamoat transporti, xususan, Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar oqimi sezilarli darajada oshdi.
“Toshkent metropoliteni” AJ ma’lumotlariga ko‘ra, kun davomida metro xizmatlaridan 1 165 550 nafar yo‘lovchi foydalangan. Bu metropoliten tarixidagi eng yuqori kunlik ko‘rsatkich hisoblanadi.
Avvalgi rekord 2026-yil 8-may kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘sha kuni metropolitendan 1 117 061 nafar yo‘lovchi foydalangan.
Eslatib o‘tamiz, 14-sentyabr kuni soat 05:00 dan 10:00 gacha bo‘lgan 5 soat davomida metro xizmatlaridan 288 187 nafar yo‘lovchi foydalangani haqida xabar bergan edik.
Unga ko‘ra, yo‘lovchilar oqimining yuqoriligi Chinor, Sergeli, Choshtepa, Olmazor, Chilonzor, Buyuk ipak yo‘li, Do‘stlik va Beruniy bekatlarida kuzatilgan.
Yo‘lovchilar oqimini samarali tashkil etish maqsadida poyezdlar harakati quyidagi intervallarda yo‘lga qo‘yilgan:
— Chilonzor yo‘nalishida — 1,5–2 daqiqada;
— O‘zbekiston yo‘nalishida — 3 daqiqada;
— Yunusobod yo‘nalishida — 4 daqiqada;
— Yer usti halqa yo‘nalishida — 7–8 daqiqada.
Metropoliten ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘lovchilar oqimining o‘sish tendensiyasi kelgusida ham saqlanib qolishi kutilmoqda. Xususan, oktabr oyida kunlik yo‘lovchilar soni 1,2 million nafarga yetishi prognoz qilinmoqda.
Shuningdek, metropoliten tomonidan 1,2 millioninchi yo‘lovchini aniqlash va unga maxsus imtiyoz yoki sovg‘a taqdim etish rejalashtirilmoqda.
