Prezident maktablariga kirish imtihonlarining 1-bosqich natijalari 15-iyulgacha e’lon qilinishi kutilmoqda. Natijalarni kutayotgan talabgorlar uchun 2025/2026-o‘quv yilida hududlar kesimida shakllangan minimal o‘tish ballarini eslatib o‘tamiz.
Xabaringiz bor, Prezident maktablariga kirish imtihonlarining saralash bosqichi (1-bosqich) joriy yilning 25-iyun kuni o‘tkazildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, 1-bosqich natijalari imtihon o‘tkazilgan kundan boshlab 20 kun ichida e’lon qilinadi. Shunga ko‘ra, natijalar 15-iyulgacha e’lon qilinishi kerak.
Ma’lumot uchun, 2026/2027-o‘quv yili uchun Prezident maktablariga 60 169 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, har bir o‘ringa o‘rtacha 179 nafar talabgor da’vogarlik qilmoqda. Eng yuqori raqobat Farg‘ona viloyatida (6 690 nafar talabgor), eng past ko‘rsatkich esa Navoiy viloyatida (1 790 nafar talabgor) qayd etilgan.
Taqqoslash uchun, o‘tgan o‘quv yilida Prezident maktablariga 49 924 ta ariza topshirilgan va bir o‘ringa o‘rtacha 148 nafar talabgor to‘g‘ri kelgan.
O‘tgan 2025/2026-o‘quv yilida Prezident maktablariga kirish imtihonlarining birinchi bosqichi yakunlariga ko‘ra shakllangan minimal o‘tish ballari quyidagicha bo‘lgan.
2025/2026-o‘quv yilidagi minimal o‘tish ballari:
| Hudud | O‘tish bali |
|---|---|
| Farg‘ona viloyati | 70,0 |
| Toshkent shahri | 70,0 |
| Namangan viloyati | 69,7 |
| Andijon viloyati | 65,5 |
| Xorazm viloyati | 64,1 |
| Samarqand viloyati | 64,1 |
| Jizzax viloyati | 63,6 |
| Qashqadaryo viloyati | 63,6 |
| Buxoro viloyati | 61,8 |
| Toshkent viloyati | 61,8 |
| Surxondaryo viloyati | 60,0 |
| Navoiy viloyati | 58,8 |
| Sirdaryo viloyati | 56,5 |
| Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 55,3 |
O‘tgan yilgi natijalarga ko‘ra, eng yuqori minimal o‘tish ballari Farg‘ona viloyati va Toshkent shahrida (70,0 ball) qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda Namangan viloyati (69,7 ball) va Andijon viloyati (65,5 ball) joylashgan.
Eng past minimal o‘tish ballari esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida (55,3 ball), Sirdaryo viloyatida (56,5 ball) hamda Navoiy viloyatida (58,8 ball) kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Prezident maktablariga qabul tartibiga ko‘ra, har bir maktab bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan 480 nafar talabgor ikkinchi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Mazkur ballar 2025/2026-o‘quv yilidagi qabul natijalari bo‘lib, joriy yilgi o‘tish ballari tanlov natijalariga qarab shakllanadi.
Talabgorlar 2-bosqichga qanday sarlanadi?
Birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra, qabul kvotasida belgilangan har bir o‘rin uchun 20 nafardan, ya’ni har bir Prezident maktabidan jami 480 nafar eng yuqori ball to‘plagan talabgor ikkinchi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Agar bir nechta talabgor bir xil ball to‘plasa, ularga quyidagi ketma-ketlikda ustunlik beriladi:
- S toifa savollari bo‘yicha yuqori ball;
- B toifa savollari bo‘yicha yuqori ball;
- A toifa savollari bo‘yicha yuqori ball.
Oʻquvchilar barcha toifadagi savollar boʻyicha bir xil umumiy va teng ball toʻplagan taqdirda, ular tugʻilgan sanasi boʻyicha saralanadi, bunda yoshroq oʻquvchilarga ustunlik beriladi.
Agarda bu holatda ham tenglik saqlanib qolsa, qabul komissiyasi tomonidan oʻquvchilarga qoʻshimcha topshiriqlar beriladi.
2-bosqichda qaysi fanlardan imtihon olinadi?
Ikkinchi bosqich kirish imtihonlari quyidagi fanlardan test shaklida oʻtkaziladi:
— matematika fanidan tanqidiy fikrlash va muammoni yechish boʻyicha 40 ta;
— ingliz tili fanidan grammatika (Grammar component) va matn bilan ishlash (Reading component) boʻyicha 40 ta test savollari.
Ikkinchi bosqich natijasiga koʻra eng yuqori ball olgan 24 nafar talabgor qabul qilinadi. Agar bunda 24-oʻrin atrofida tenglik boʻlsa, muammoni yechish va tanqidiy fikrlash yoʻnalishlarining jamlanma bali boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan nomzodga, agar shunda ham natijalar teng boʻlsa, imtihonda javobi belgilangan masalalar toifalarining har biri boʻyicha yuqori ball toʻplagan oʻquvchilarga quyidagi tartibda ustunlik beriladi:
— muammoni yechish yoʻnalishidagi savollar boʻyicha yuqori ball toʻplaganlar;
— tanqidiy fikrlash yoʻnalishidagi savollar boʻyicha yuqori ball toʻplaganlar;
— ingliz tilidan matn bilan ishlash (Reading component) yoʻnalishidagi savollar boʻyicha yuqori ball toʻplaganlar;
— ingliz tili grammatikasidan (Grammar component) tuzilgan savollar boʻyicha yuqori ball toʻplaganlar.
Oʻquvchilar barcha toifadagi savollar boʻyicha bir xil umumiy va teng ball toʻplagan taqdirda, ular tugʻilgan sanasi boʻyicha saralanadi, bunda yoshroq oʻquvchilarga ustunlik beriladi.
Agarda bu holatda ham tenglik saqlanib qolsa, qabul komissiyasi tomonidan oʻquvchilarga qoʻshimcha topshiriqlar beriladi.
Prezident maktablariga hujjat topshirish jarayonida ixtiyoriy ravishda hududdagi ixtisoslashtirilgan maktablardan birini tanlagan hamda Prezident maktablarining 2-bosqichida ishtirok etib, yakunda o‘qishga qabul qilinmagan 48 nafar o‘quvchi ballar ketma-ketligiga ko‘ra hujjat topshirgan ixtisoslashtirilgan maktabning aniq fanlar yo‘nalishi uchun belgilangan qabul kvotasining 50 foizidan oshmagan holda o‘qishga qabul qilinadi.
