Statistika agentligining 2025-yilgi ma’lumotlari asosida tayyorlangan yangi tahlil O‘zbekistonda har uchinchi yosh ta’lim va mehnat bozoridan chetda qolayotganini ko‘rsatdi. Hisobotda xotin-qizlar, kam ta’minlangan oilalar hamda ayrim hududlarda NEET darajasi yuqoriligi qayd etilgan.
O‘zbekistonda 14–30 yoshdagi aholining 33,2 foizi ta’lim olmaydi, ishlamaydi va kasb-hunar o‘rganmaydi. Bu haqda Social Policy Lab tomonidan Statistika agentligining 2025-yilda o‘tkazilgan Uy xo‘jaliklari byudjeti so‘rovi (HBS) ma’lumotlari asosida tayyorlangan tahliliy hisobotda qayd etildi.
Hisobotda yoshlarning ta’lim va mehnat bozoridagi ishtiroki, shuningdek, ularning iqtisodiy faolligiga ta’sir etuvchi asosiy omillar tahlil qilingan.
Tahlilga ko‘ra, 14–30 yoshdagi aholining 36,1 foizi ishlaydi, 30,7 foizi ta’lim yoki kasb-hunar o‘rganish bilan shug‘ullanadi, qolgan 33,2 foizi esa NEET (Not in Education, Employment or Training) — ya’ni ishlamayotgan, o‘qimayotgan va kasb-hunar o‘rganmayotgan yoshlar toifasiga kiradi.
Hisobot mualliflari bu holat yoshlarning iqtisodiy nofaolligi ko‘pincha vaqtinchalik emas, balki ta’lim tizimi va mehnat bozori o‘rtasidagi nomuvofiqlikni aks ettiruvchi tizimli muammo ekanini ta’kidlaydi. Ayniqsa, 25–30 yosh oralig‘ida ta’limda qatnashish keskin kamaygan bo‘lsa-da, NEET ko‘rsatkichi yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Xotin-qizlar orasida NEET darajasi ancha yuqori
Tahlil natijalariga ko‘ra, xotin-qizlarning 48,4 foizi NEET toifasiga kiradi. Bu ko‘rsatkich erkaklar orasida 19,4 foizni tashkil etib, ayollarnikidan qariyb 2,5 baravar past.
Hisobotda qayd etilishicha, muammo asosan ta’limni tamomlagandan so‘ng mehnat bozoriga kirish bosqichida yuzaga kelmoqda. Oilaviy mas’uliyat va bola parvarishi vazifalarining ko‘proq ayollar zimmasiga tushishi ularning iqtisodiy faolligini cheklayotgan asosiy omillardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Hududlar va daromad darajasi — muhim omil
Hududlar kesimida Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari NEET ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan hududlar sifatida qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkich esa Toshkent shahrida kuzatilgan.
Shuningdek, oilaning moddiy ahvoli ham yoshlarning iqtisodiy faolligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Tadqiqotga ko‘ra, kambag‘al oilalarda yashovchi yoshlarning 53,9 foizi NEET toifasiga kiradi. Kambag‘al bo‘lmagan xonadonlarda esa bu ko‘rsatkich 32 foizni tashkil etgan.
Hisobotda yoshlarning ta’limdan mehnat bozoriga muvaffaqiyatli o‘tishini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, hududlar o‘rtasidagi tafovutlarni qisqartirish hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun ta’lim va bandlik imkoniyatlarini kengaytirish O‘zbekistonning demografik salohiyatidan samarali foydalanishning muhim sharti ekani ta’kidlangan.
Avvalroq, Oʻzbekistonda ta’lim xizmatlari hajmi 4 oyda 14,5 trln soʻmga yetganligi haqida xabar bergan edik.
