Ijod maktablariga kirish imtihonlarining 3-bosqichida ishtirok etuvchi talabgorlar uchun ruxsatnomalar shaxsiy kabinetlarga joylashtirildi. Hujjatni ariza.piima.uz platformasi orqali yuklab olish mumkin.
Xabar berganimizdek, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablariga 2026/2027-oʻquv yili uchun hujjatlar qabuli 15-maydan 4-iyungacha onlayn shaklda ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshirilgan edi.
16-iyun kuni Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi barcha ijod maktablarida 2026/2027-oʻquv yili uchun iqtidorli oʻquvchilarni saralab olish imtihonlarining 1-bosqichi boshlandi hamda ikkinchi bosqichi joriy yilning 18-iyundan 24-iyunga qadar boʻlib oʻtdi.
2026/2027-oʻquv yili uchun ijod maktablari (3-bosqich), 7-, 8-, 9-, 10-sinflarga kirish imtihonlarida ishtirok etish uchun ruxsatnomalar arizachilarning ariza.piima.uz saytidagi shaxsiy kabinetiga joylashtirildi.
Ijod maktablariga hujjat topshirgan talabgorlardan ruxsatnomani ariza.piima.uz orqali yuklab olishlari mumkin.
3-bosqichda ona tili va adabiyot yoʻnalishiga hujjat topshirgan talabgorlardan ona tili va adabiyot fanidan 20 ta test, ingliz tili fanidan 15 ta test hamda intellektual qobiliyat darajasi boʻyicha 15 ta test olinadi.
Xorijiy til yoʻnalishida (Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi) esa 3-bosqich xorijiy tildan 20 ta test, ona tili va adabiyot fanidan 15 ta test hamda intellektual qobiliyat darajasi boʻyicha 15 ta test asosida tashkil etiladi.
Eslatib oʻtamiz, hozirda respublika boʻylab 9 ta ijod maktablari faoliyat yuritmoqda. Ushbu ijod maktablariga 2026/2027-oʻquv yili uchun jami 8143 ta ariza qabul qilingan.
