So‘nggi kunlarda kitobni zavq bilan o‘qiydigan insonlar soni tobora kamayib bormoqda. Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, kattalarning yarmi muntazam kitob o‘qimaydi. Yoshlar orasida esa har 4 kishidan biri o‘zini umuman kitobxon deb hisoblamaydi.
The Reading Agency tashkiloti tadqiqotiga ko‘ra, Buyuk Britaniyada kattalarning 50 foizi muntazam kitob o‘qimasligini aytgan. Bu ko‘rsatkich 2015-yilda 42 foizni tashkil etgan edi. Shuningdek, 16–24 yosh oralig‘idagi yoshlarning deyarli har to‘rtdan biri o‘zini hech qachon kitobxon bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Ammo buning oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin? Kitobxonlarning miyasi qanday tuzilgan bo‘ladi?
Lund universiteti professori Mikael Roll tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ko‘p kitob o‘qiydigan insonlarning miyasi boshqalarnikidan ma’lum jihatlari bilan farq qiladi.
Olim 1000 dan ortiq insonning miya ma’lumotlarini tahlil qilgan va yaxshi kitobxonlarda miyaning til bilan bog‘liq ikki muhim qismi kuchliroq rivojlanganini aniqlagan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ko‘p kitob o‘qiydiganlarda miyaning chap yarim sharidagi til bilan bog‘liq ikki muhim hudud boshqacha tuzilgan ekan.
Ulardan biri chakka bo‘lagining old qismi — “anterior temporal lobe” hisoblanadi. Chap temporal qutb — so‘zlarning ma’nosini tushunishga yordam beradigan hududdir. Masalan, “oyoq” degan so‘zning ma’nosini tushunish uchun ushbu hudud oyoqning qanday ko‘rinishi, qanday harakat qilishi va qanday sezilishi haqidagi vizual, hissiy va harakatga oid ma’lumotlarni birlashtiradi.
Ikkinchi hudud esa chakka bo‘lagining yuqori qismida joylashgan Heshl burmasi (Heschl’s gyrus) bo‘lib, unda eshitish po‘stlog‘i joylashgan. Bu qiziq tuyulishi mumkin, chunki o‘qish ko‘z bilan bog‘liqdek ko‘rinadi. Aslida esa biz o‘qiyotgan harflarni miyamiz ichida tovushlarga aylantiramiz. Shu sababli tovushlarni yaxshi farqlay oladigan odamlar odatda ko‘proq o‘qiydi.
Bu mantiqan tushunarli: ma’noni qayta ishlashga mas’ul hudud qanchalik katta bo‘lsa, so‘zlarni tushunish va o‘qish shunchalik osonlashadi.
“O‘qish faqat ko‘rish bilan bog‘liq emas”
Eshitish po‘stlog‘ining o‘qish bilan bog‘liqligi dastlab g‘alati tuyulishi mumkin. Axir o‘qish asosan ko‘rish qobiliyatiga bog‘liq emasmi?
— Aslida unday emas.
Harflarni nutq tovushlari bilan bog‘lash uchun avvalo til tovushlarini anglashimiz kerak. Bu qobiliyat “fonologik xabardorlik” deb ataladi va bolalarda o‘qish ko‘nikmasining shakllanishida muhim omil hisoblanadi.
Oldingi tadqiqotlar chap tomondagi Heshl burmasining yupqaroq bo‘lishi disleksiya bilan bog‘liqligini ko‘rsatgan. Disleksiya — o‘qishda jiddiy qiyinchiliklar bilan kechadigan holat.
Ko‘pchilik odamlarda chap yarim shardagi eshitish po‘stlog‘ida miyelin moddasi ko‘proq bo‘ladi.
Miyelin — nerv tolalarini o‘rab turuvchi yog‘simon modda bo‘lib, nerv impulslarining tezroq uzatilishiga yordam beradi. U miya hujayralari guruhlarini ham bir-biridan nisbatan ajratib turadi.
Tilni qayta ishlash jarayonida tez va aniq farqlash juda muhim. Masalan, ingliz tilidagi “dear” va “tear” kabi so‘zlarni eshitganda, biz tovushlarning eng kichik farqlarini ham ajrata olishimiz kerak.
Miya rivojlanishining “shar modeli”ga ko‘ra, chap yarim shardagi miyelinning ko‘pligi miya po‘stlog‘ini nisbatan yassiroq, ammo kengroq qiladi. Shu sababli kitobxonlarda chap eshitish po‘stlog‘i qalinroq bo‘lsa ham, u o‘ng tomondagiga qaraganda kengroq va murakkabroq tuzilishga ega bo‘lishi mumkin.
“Mutolaa miyani o‘zgartiradi”
Olimlarning ta’kidlashicha, miya doimiy ravishda o‘zgarib turadi. Yangi bilim o‘rganish yoki biror ko‘nikmani mashq qilish miya tuzilishiga ta’sir qiladi.
Masalan, xorijiy tilni faol o‘rganayotgan insonlarda til bilan bog‘liq miya hududlari rivojlanishi kuzatilgan. Xuddi shuningdek, muntazam kitob mutolaa qilish ham miyadagi til va tafakkur bilan bog‘liq markazlarni mustahkamlaydi.
Boshqacha aytganda, kitob o‘qish nafaqat bilim beradi, balki miyani ham “mashq qildiradi”.
Shuning uchun miyangizni faol va sog‘lom saqlamoqchi bo‘lsangiz, yaxshi bir kitob oling va o‘qishni boshlang.
Agar odamlar kitob o‘qimay qo‘ysa-chi?
Yana bir muhim savol bor: agar insoniyat o‘qish kabi ko‘nikmalarga kamroq e’tibor bera boshlasa, biz bilan nima yuz beradi?
Professor Mikael Rollning fikricha, agar odamlar kitob o‘qishni kamaytirsa, odamlarning murakkab fikrlarini tushunish, voqealarni tahlil qilish va boshqalarning his-tuyg‘ularini anglash qobiliyati ham zaiflashishi mumkin.
Shuning uchun qo‘lingizdagi kitob bilan o‘tkazilgan bir necha daqiqa shunchaki hordiq emas. Bu miyangiz salomatligi va tafakkuringiz rivojiga qo‘shilgan sarmoyadir.
Avvalroq, kitob o‘qish va muzeyga borish biologik qarishni sekinlashtirishi bo‘yicha tadqiqot haqida ma’lumot berilgandi.
Moliyaviy savodxonlik uchun foydali bo‘ladigan TOP 10 kitob


