Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning maktabga xavfsiz va qulay qatnovini ta’minlash maqsadida School Bus tizimini joriy etish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Toshkent shahar YHTEMning ma’lum qilishicha, poytaxt maktablarida o‘quvchilarning maktabga xavfsiz va qulay qatnovini tashkil etish maqsadida maktab avtobuslari — School Bus tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy o‘rganish ishlari boshlandi.
Ta’kidlanishicha, bundan oldin ota-onalarning ehtiyoji, o‘quvchilarning maktabga qatnov usullari hamda kelgusida avtobus yo‘nalishlarini shakllantirish uchun zarur ma’lumotlar o‘rganilmoqda.
Ayni paytda so‘rovnoma Toshkent shahridagi 328 ta maktabning o’quvchi soni ko’p bo’lgan va dastlabki hisob-kitoblarga School Bus tizimiga talab darajasi yuqori deb baholangan 29 tasida o‘tkazilgan. Unda 58 369 nafar o‘quvchining oila a’zolari yoki vasiylari ishtirok etgan.
O‘quvchilarning maktabga qatnovi
Dastlabki so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, o‘quvchilarning maktabga qatnovida quyidagi transport vositalaridan foydalanilmoqda:
- 38,5 foizi — piyoda;
- 33,1 foizi — ota-onasining shaxsiy avtomobilida;
- 18,3 foizi — avtobusda;
- 5,7 foizi — taksida;
- 3,5 foizi — metroda;
- 0,9 foizi — mikromobil vositalarda.
Shuningdek, so‘rovnoma ishtirokchilarining 73,5 foizi maktablar uchun maxsus avtobus qatnovlarini tashkil etish istagini bildirgan.
Mazkur ko‘rsatkich poytaxt maktablarida School Bus tizimiga bo‘lgan ehtiyojni yuqori ekanini ko‘rsatgan.
Yakuniy natijalar asosida yo‘nalishlar belgilanadi
Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazining qayd etishicha, so‘rovnoma Toshkent shahridagi qolgan maktablarda ham bosqichma-bosqich davom ettiriladi.
O‘rganishlar yakunlangach, o‘quvchilar oqimi, yo‘nalishlar, ehtiyoj mavjud avtobuslar soni, harakat jadvali, xavfsiz tushirish va olib ketish nuqtalari hamda boshqa tashkiliy masalalar batafsil o‘rganiladi.
Shundan so‘ng School Bus tizimini joriy etishning amaliy imkoniyatlari ishlab chiqilib, tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda tizimni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqiladi.
So‘rovnomada ishtirok etish: @school_coddbot
Avvalroq, Toshkentda maktab avtobuslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyati va ularga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash maqsadida ota-onalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
