Toshkentda maktab avtobuslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyati va ularga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash maqsadida ota-onalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilmoqda.
Toshkent shahrida o‘quvchilarning maktabga qatnovi hamda maktab avtobuslariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash maqsadida Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan maxsus so‘rovnoma o‘tkazilmoqda.
Mazkur so‘rov orqali o‘quvchilarning maktabga qanday transport vositasida qatnashi, ularning maktabga chiqish vaqti hamda maktab avtobusidan foydalanishga ehtiyoji bor-yo‘qligi o‘rganiladi.
So‘rovnomada ota-onalardan uy-joylashuvi, farzandi o‘qiydigan maktab va sinfi, maktabga chiqish vaqti hamda foydalanadigan transport turi haqida ma’lumot kiritish so‘ralmoqda.
Shuningdek, maktab avtobuslariga ehtiyoj mavjud yoki mavjud emasligi ham aniqlanadi. Bir nechta farzandi maktabda tahsil olayotgan ota-onalar har bir farzandi bo‘yicha ma’lumotlarni alohida kiritishi kerak. So‘rovnomani @school_coddbot Telegram-boti orqali to‘ldirish mumkin.
Tashkilotchilar ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovnomani to‘ldirish bir necha daqiqa vaqt oladi. Undagi javoblar o‘quvchilar uchun yanada qulay va xavfsiz maktab qatnovini tashkil etish bo‘yicha umumiy tahlil uchun foydalaniladi. So‘rovnoma doirasida shaxsiy ma’lumotlar yig‘ilmaydi.
Joriy yil boshida muhokamalar portaliga “2030-yilgacha moʻljallangan taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon loyihasi joylashtirilgan edi.
Unga ko‘ra olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun bepul avtobuslarni yoʻlga qoʻyish ko‘zda tutilgan.
