2027-yilda Toshkentdagi ikkita oliygoh boshqa joyga ko’chiriladi

2027-yilda Toshkentdagi ikkita oliygoh boshqa joyga ko’chiriladi

Toshkentdagi ikki yirik kimyo yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasasi yangi tashkil etiladigan innovatsion klaster hududiga ko‘chiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, bu qadam kimyo sanoatida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.

 

Bugun, 2-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkiga tashrif buyurib, bir qator korxonalar faoliyati bilan tanishdi hamda kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishini oʻtkazdi.

 

Prezident bugun korxonalardagi yosh laborantlar, dual taʼlim asosida ishlayotgan talabalar bilan gaplashib, olimlarning taqdimoti bilan tanishib, sohaga ilm-fan kirib borayotganiga amin boʻlganini taʼkidladi.

 

 

Lekin bu borada qilinadigan ishlar hali koʻpligi qayd etildi.

 

 

Sohada taʼlim, tadqiqot, laboratoriya, startaplarni oʻz ichiga olgan yaxlit tizim yaratiladi.

 

 

Buning uchun Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 60 gektar yerda Kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish va taʼlim klasteri tashkil qilinadi.

 

 

Mazkur klasterda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi barpo etiladi. Ushbu markazda tajriba-sinov oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarning yarmi qoplab beriladi.

 

 

Kelgusi yil yakunigacha Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiali klaster hududiga koʻchiriladi.

 

Avvalroq, Samarqanddagi bir nechta oliy ta’lim muassasalari qayta tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.