Samarqanddagi bir nechta oliy ta’lim muassasalari qayta tashkil etiladi

Samarqanddagi bir nechta oliy ta’lim muassasalari qayta tashkil etiladi

Samarqand viloyatidagi bir qator oliy ta’lim muassasalari Prezident qaroriga muvofiq qayta tashkil etiladi va ayrim filiallar boshqa universitetlar tarkibiga qo‘shiladi. Talabalar o‘qishni belgilangan tartibda yangi yoki birlashtirilgan oliygohlarda davom ettiradi.

 

Prezident tomonidan “Samarqand viloyatidagi ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2026-yil 26-maydagi PQ-209-son qaror imzolandi. Unga ko‘ra:

 

– Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti negizida Samarqand davlat texnika universiteti tashkil etiladi;

 

– Samarqand davlat universitetiga Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali qo‘shib olinadi;

 

– Samarqand davlat pedagogika institutiga Samarqand davlat universiteti Urgut filiali qo‘shib olinadi hamda mazkur filial bazasida Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakulteti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;

 

– Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali qo‘shib olinadi.

 

Talabalar o‘qishini qayerda davom ettiradi?

 

– Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetining talabalari o‘qishini Samarqand davlat texnika universitetida;

 

– Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali hamda Samarqand davlat universiteti Urgut filiali Biznesni boshqarish va tabiiy fanlar fakultetining talabalari o‘qishini Samarqand davlat universitetida;

 

– Samarqand davlat universiteti Urgut filialining Pedagogika va tillarni o‘qitish fakulteti talabalari o‘qishini Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakultetida;

 

– Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialining talabalari o‘qishini Samarqand iqtisodiyot va servis institutida davom ettiradi hamda belgilangan tartibda o‘qish yakuni bo‘yicha ularga mazkur oliy ta’lim tashkilotlarining diplomi beriladi.

 

Shuningdek, Samarqand davlat universiteti Urgut filiali Biznesni boshqarish va tabiiy fanlar fakultetining 2025/2026 o‘quv yilida tahsil olayotgan talabalariga o‘qishni tugatguniga qadar Samarqand davlat pedagogika institutining Urgut fakulteti binosida ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.