“Qoʻqon Universiteti” Andijon filialida 40 nafardan ortiq talaba ovqatdan zaharlangan. Holat bo‘yicha Andijon viloyat Prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qoʻqon universitetining Andijon filialida 40 nafardan ortiq talaba ovqatdan zaharlanganligi xususida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Andijon viloyat Prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga koʻra, 2026-yil 5-may kuni Andijon shahrida joylashgan “Qoʻqon Universiteti” Andijon filialining 15 nafar talabalari universitetning oshxonasida ovqatlanib ommaviy holatda zaharlanib shifoxonaga yotqizilganligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Tekshiruv harakatlarining borishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan boʻlib, yakuniga koʻra qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi” — deyiladi xabarda.
Avvalroq, Fargʻonadagi bogʻchalarda bolalar ommaviy zaharlangani maʼlum boʻlgan edi.
