Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 11-A sinf o‘quvchisi Hakimjonov Omadjon Hamidjon o‘g‘li 5 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, talabalikni naqd qildi.
Xususan, u biologiyadan A+, kimyodan A, matematikadan B+, o‘zbek tili va adabiyotidan B, tarixdan esa C+ darajali milliy sertifikatlar olgan.
O‘quvchi kelgusida Toshkent davlat tibbiyot universitetiga hujjat topshirishni maqsad qilgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatlarga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va keyingi rejalari haqida suhbatlashdi.
Uning ta’kidlashicha, sertifikat olish fikri 10-sinfda boshlagan.
“Sertifikat olish g‘oyasi 10-sinfda boshlangan va bu uchun qattiq harakat qildim. Har bir fan uchun alohida tayyorgarlik ko‘rdim, natijada esa o‘zimga kerakli natijaga erishdim”.
“Maktabdagi ustozlarim yordam berishgan..”
Tayyorgarlik jarayonida o‘quvchi biologiya, kimyo, matematika, ona tili va tarix fanlarida ancha mehnat qilgan.
Omadjonning aytishicha, biologiyaga 1 yil, kimyoga esa 2 yil-u bir oy vaqt sarflagan. Matematikadan 2 oy, tarixdan esa 1 oy tayyorgarlik ko‘rgan.
“Bu jarayonda repetitorlardan ham yordam oldim, ammo maktabimdagi ustozlarimga rahmat, ular meni sertifikat imtihoniga tayyorlashda juda katta yordam berishdi”, — deb ta’kidladi u.
“Qiyin savollar odamni fikrlash darajasini oshiradi”
U sertifikat imtihonida yuqori natijalarga erishish uchun ko‘proq qiyin savollarni o‘rganish kerakligini aytdi:
“Qiyin savollarni ishlashga ko‘proq vaqt sarfladim, chunki qiyin savollar odamni fikrlash darajasini ancha oshiradi”.
Shu bilan birga, uyquning ahamiyatiga ham alohida e’tibor berdi:
“Sertifikat imtihoniga tayyorlanayotganimda uyquni me’yorida qildim, chunki odamning miyasi qanchalik yaxshi dam olsa, shunchalik yaxshi ishlaydi”.
Tayyorgarlik jarayonida telefon va ijtimoiy tarmoqlarni ishlatmaslikka harakat qilganini ham qayd etdi:
“Telefon va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmadim, bu men uchun katta diqqatni jamlashga yordam berdi”.
“A+ olishni maqsad qiling va to‘xtamang”
Muvaffaqiyatga erishish uchun Omadjon boshqa sertifikat olmoqchi bo‘lgan tengdoshlariga katta natijani maqsad qilib tayyorlanishlarini maslahat berdi.
“Milliy sertifikat olish uchun avvalo oldingizga A+ olishni maqsad qiling va bu yo‘lda to‘xtamang”.
Uning fikricha, maktablarda o‘quvchilarni aniq bir fanlarga yo‘naltirib, o‘zlari qiziqqan fanlarni ko‘proq o‘qitilsa iqtidorli yoshlar ko‘payadi.
Hozirda o‘quvchi ingliz tili va rus tillarini o‘rganmoqda va kelajakda ushbu tillarda milliy yoki xalqaro sertifikat olishni rejalashtirmoqda.
Omadjonni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, tibbiyot sohasida o‘qimoqchi bo‘lgan samarqandlik 10-sinf o‘quvchisi Behro‘z Sharipov bilan suhbatlashgan edik.
