Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi 16-sonli maktab direktori oʻquvchini kaltaklaganiga oid tarqalgan xabarlar yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirib, xizmat tekshiruvi boshlanganini maʼlum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi 16-sonli umumtaʼlim maktabi direktori oʻquvchini “samosud” qilgani haqida tarqaldi.
Xabarlarga koʻra, direktor va profilaktika inspektorlari oʻquvchini kamerasiz hududga olib kirib kaltaklagan. Bunga oʻquvchining ijtimoiy tarmoqdagi izohi sabab boʻlgani aytilmoqda.
Shuningdek, tarqalgan videoda 9-sinf oʻquvchisiga mazkur maktabdan haydalganligi haqida talon berilib, boshqa maktabga borishi aytilgani taʼkidlangan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Boshqarma maʼlumotiga koʻra, holat zudlik bilan nazoratga olingan. Ayni vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda yuqori turuvchi taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda xizmat tekshiruvi va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, oʻrganish jarayonida holat ishtirokchilari, guvohlar va masʼul shaxslardan tushuntirish xatlari olinmoqda hamda videolavhadagi holatlarga huquqiy baho berish choralari koʻrilmoqda.
Boshqarma “Taʼlim toʻgʻrisida”gi hamda “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlarga muvofiq, taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning hayoti, sogʻligʻi, shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish ustuvor vazifa ekanini eslatgan.
Shuningdek, xizmat tekshiruvi davomida qonunbuzilish holatlari aniqlansa, masʼullarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishi maʼlum qilingan.
Avvalroq, Samarqandda 10-sinf oʻquvchilari boshqa bir oʻquvchini guruh boʻlib kaltaklaganligi haqida xabar bergan edik.
