“Tarbiyachi bolaga taʼlim berishi kerakmi yoki oyna yuvib, obuna yigʻishi kerakmi?” — MMTB izoh berdi

“Tarbiyachi bolaga taʼlim berishi kerakmi yoki oyna yuvib, obuna yigʻishi kerakmi?” — MMTB izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va audiomateriallarga koʻra, shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi xodimi tomonidan tarbiyachi va pedagoglarga turli ishlar, jumladan, hududni tozalash va obuna yigʻish buyurilgan. Toshkent viloyati MMTB rasmiy munosabat bildirdi, unda holatni oʻrganish natijasida bu tadbirning rekonstruksiya ishlaridan keyin jamoaviy tarzda koʻngilli yordam sifatida amalga oshirilgani va obuna yigʻishning majburiy emas, balki ixtiyoriy xarakterga ega ekanligi taʼkidlandi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda “Tarbiyachi bolaga taʼlim berishi kerakmi yoki oyna yuvib, obuna yigʻishi kerakmi?” sarlavhasi ostida tarqalgan video va audiomateriallar tarqaldi.

 

Unda aytilishicha, shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi xodimi sifatida tanishtirilayotgan mansabdor shaxs tomonidan tarbiyachi va pedagoglarga hududni tozalash, binoni yuvish va oynalarni artish buyurilgan.

 

Mazkur holat yuzasidan murojaat qilgan shaxsning soʻzlariga koʻra, u odamlarni nomma-nom yozib borgan.

 

“Biz qachongacha shunaqa qiynalamiz? Bolalarga taʼlim berish oʻrniga turli ishlarni qilishga majburmiz” — deydi u.

 

Shuningdek, xabarda yigʻilishlarda rahbarlarga turli nashrlarga obuna boʻlish boʻyicha topshirilar berilgani aytilgan va unga audioyozuv ilova qilingan. Bunday talabni rad etganlarga esa bosim oʻtkazilishi, hatto obuna boʻlmayman degan yozma tushuntirish talab qilish holatlari kuzatilgani maʼlum qilingan. Topshiriqlarni bajarmagan tashkilot rahbarlariga nisbatan ishchi guruhlar orqali tekshiruvlar oʻtkazilib kamchilik topish va ishdan boʻshatishga asos izlanayotgani qayd etilgan.

 

“Biz tarbiyachilar tekshiruvlardan charchadik” — deyiladi murojaatda.

 

“Tarbiyachi bolaga taʼlim berishi kerakmi yoki oyna yuvib, obuna yigʻishi kerakmi?” — MMTB izoh berdi

 

Holat yuzasidan Toshkent viloyati MMTB tomonidan rasmiy munosabat bildirildi. Unga koʻra, boshqarma tomonidan holatni atroflicha va xolis oʻrganish maqsadida masʼullardan iborat ishchi guruh tuzilib, xizmat tekshiruvi oʻtkazilgan.

 

Oʻrganish natijalariga koʻra, ushbu holat Chirchiq shahar Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 14-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining rekonstruksiya ishlaridan soʻng faoliyatni qayta tiklash jarayoni oldidan tashkil etilgan hashar tadbirlari bilan bogʻliq ekanligi aniqlangan.

 

“Qayd etish lozimki, taʼlim muassasalarini taʼmirlash yoki rekonstruksiyadan keyin jamoaviy tarzda koʻngilli yordam koʻrsatish amaliyoti mamlakatimizda keng tarqalgan va ijtimoiy-maʼnaviy qadriyat sifatida shakllangan hashar anʼanasi doirasida amalga oshirilgan” — deyiladi xabarda.

 

Oʻrganish jarayonida ishtirok etgan shaxslar davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimlari emas, balki tegishli tashkilot rahbarlari tomonidan jalb etilgan yollanma ishchilar ekanligi tasdiqlangan.

 

Shu bilan birga, ularning mehnat faoliyati tarbiyachilarning asosiy xizmat vazifalariga aloqador emasligi aniqlangan.

 

Maʼlum qilinishicha, mazkur tadbir 2025-yil sentyabr oyida amalga oshirilgan boʻlib, oʻtgan davr mobaynida ushbu holat yuzasidan rasmiy tartibda hech qanday norozilik yoki shikoyat murojaatlari kelib tushmagan.

 

Audioyozuvda tilga olingan “obuna” masalasi boʻyicha oʻrganishlar shuni koʻrsatdiki, mazkur taklif majburiy xarakterga ega emas, balki ixtiyoriy va tavsiyaviy tarzda bildirilgan. Shuningdek, ayrim hollarda nashrlarga obuna boʻlish tashabbusi shaxsiy ixtiyor va erkin tanlov asosida amalga oshirilgan.

 

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, tarqalgan materiallarda keltirilgan ayrim daʼvolar voqelikni toʻliq va obyektiv aks ettirmasligi maʼlum boʻldi. Bunday holatlarda faqat rasmiy va tasdiqlangan manbalarga tayanish lozim” — deya taʼkidlaydi rasmiylar.

 

Avvalroq, Baxmalda o‘qituvchilardan xayriya hashari uchun pul yig‘ish holati yuzasidan rasmiy munosabat bildirilgan edi.