Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva jurnalist va bloger Kirill Atlmanga intervyu berdi. Intervyu davomida Saida Mirziyoyeva ta’lim haqida ham fikr bildirdi.
Aslida ta’limga savollar juda ko‘p. Tibbiyotga ham. Sir emaski, bizda ta’limda talabalarni ko‘proq yetakchilik tafakkurisiz, tashabbuskorsiz qilib tayyorlashadi. Ya’ni, kattalar nima desa, shuni qilish kerak va hokazo.
— Bu sovetcha tizim, yodingizda bo‘lsa shunaqa mafkura bor edi — kollektiv muhim, yetakchilar esa deyarli kerak emasdi. Bu, menimcha, barcha postsovet mamlakatlarining muammosi va fojiasi. Umuman olganda, bugungi kunda ta’limga katta savol bor. Masalan, 20 yoshli o‘g‘lim har kuni dunyoda ta’limni isloh qilish kerakligi, u rivojlanishdan ortda qolayotgani, bugungi talablarga javob bermayotgani haqida kuyunib gapiradi.
U shunchaki dunyoning o‘zgarishlariga ulgura olmayapti deb o‘ylayman.
— Bu juda murakkab jarayon. Talabamizning portreti… qiyofasi… hozir dunyoga umuman kim kerak? Qanday shaxs kerak? Taraqqiyotdan ortda qolmaslik uchun hatto biz ham doim o‘qib-o‘rganishimiz kerak. Taraqqiyot juda tez odimlamoqda. Meni ko‘proq ta’limning qanday va qaysi yo‘nalishda rivojlanayotgani emas, balki tanazzulga yuz tutayotgan narsalar ezadi. Dunyoda tanazzul shunchalik ko‘pki. Yana o‘sha gap, mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishimiz kerak. Agar inson ta’lim olishga intilsa, o‘z ustida ishlasa, uni hamma joyda oladi. Hozir onlayn kurslar, onlayn ta’lim davri, bularning barchasiga erishish mumkin. Buni butun mamlakat miqyosida gapirayotganim yo‘q…
Boshqaruvdagi inson sifatida ayting-chi, hamma davlat kelib muammomni hal qilishini kutadi. Axir bunday bo‘lishi kerak emas-ku?
— Buni menga fuqaro sifatida siz aytyapsiz. Bunday bo‘lmasligi kerak.
Ha, aslida shunday. Lekin menga o‘xshaganlar kam. Hamma kimdir kelib… bir nima qilib berishini kutadi.
— Menimcha, bu baribir dunyoqarash, tafakkur tarzi bilan bog‘liq. O‘z zimmasiga mas’uliyat oladigan odamlar muvaffaqiyatga erishadi. Albatta! Agar o‘z zimmangga mas’uliyat olsang va o‘z kelajaging hamda farzandlaring kelajagi yukini yelkangda ko‘tarsang, muvaffaqiyating kafolatlangan.
O‘zingiz qayerda o‘qigansiz? Maktab yillaringiz haqida gapirib bering.
— Qiyin yillar bo‘lgan. Nega? Chunki 12 yoshimizda Jizzaxga ko‘chib o‘tganmiz. Tasavvur qilyapsizmi, o‘smir qiz. Men Toshkentdagi 71-maktabda o‘qirdim, o‘z davram, muloqot qiladiganlarim, o‘rtoqlarim bor edi va birdaniga viloyatga ko‘chib o‘tyapmiz. Jizzaxga ko‘chib borganimizni eslayman. Pushti rangdagi uyimiz cho‘lning o‘rtasida yolg‘iz o‘zi turardi, atrofda birorta daraxt yo‘q, faqat cho‘l. Yonimizda qandaydir psixiatriya yoki psixologiya shifoxonasi, bir tarafda esa qabriston bo‘lardi. Dadam, oyim, men va singlim. Ikki qavatli uy, esimda, bo‘m-bo‘sh, derazalari ulkan, shamol uvullaydi. Endi tasavvur qiling, Jizzaxning cho‘li… Men 12 yoshda edim, demak, 1996-yillar. Shunaqa shamollar bo‘lardiki, hamma yoq uvullardi. Ikkita pijama kiyib, adyolga o‘ranib uxlardik, juda sovuq edi, uy isitilmasdi. Ota-onam esa biz birga bo‘lishimiz kerak, deb hisoblashgan. Maktabga borib, uyga ko‘zimda yosh bilan qaytganim yodimda. Na do‘stlarim, na boshqa narsam bor edi. Shu sharoitda ta’lim qanaqa bo‘lishini tasavvur qiling.
Baxtimga keyingi yili “Umid” nomli litseyochildi. U yerda amerikaliklar dars berardi. Butun viloyatdan iqtidorli bolalar yig‘ilgan edi. Bu o‘ziga xos internat, “boarding school” edi. O‘sha yerda do‘stlar orttirdim, ingliz tilini o‘rgandim. Boshqa hech qayerda o‘rganmaganman. Biz ko‘chmanchi bolalardek edik, doim qayergadir ko‘chib yurardik. Har juma kuni Zominga, ota-onamizning, dadamning yaqinlari oldiga yoki Toshkentga, yoki Qo‘qonga borardik. Xullas, hayotimiz bolaligimiz shunday o‘tgan. Hatto Toshkentda yashaganimizda ham, har dam olish kuni yo oyimning ota-onasi, yo dadamning ota-onasi oldiga borardik. Bolaligim yo‘llarda o‘tdi.
Shu kungacha yo‘lni yomon ko‘raman. Faqat biror joyga bormasam, mashina bo‘lmasa, o‘sha uzoq safarlar bo‘lmasa bo‘ldi. Xullas, keyin Jizzaxda endi o‘rnashib, hammasi yaxshi bo‘lib, do‘stlar topganimda… Samarqandga ko‘chdik. Bolaligim shunday o‘tdi. Keyin universitet, yanada qiyinroq kechdi. Men Toshkentda universitetga kirdim. Keyin dadam Samarqandga ko‘chdilar va men ham Samarqandga ko‘chdim. Keyin Toshkentga turmushga chiqdim, ko‘chdim… Xullas, o‘zim o‘qib-o‘rgandim, desam bo‘ladi. O‘qiyman, tinimsiz o‘z ustimda ishlayman. Keyin Moskvaga uchib ketdim, u yerda o‘qidim. Xullas…
