Bugun, 15-aprel kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Talimxabarlari.uz sayti muxbiri ham ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov so‘nggi sakkiz yilda oliy ta’lim tizimida yuz bergan keskin o‘zgarishlar, talabalar kontingenti oshishi, sirtqi ta’limning bugungi ulushi hamda endilikda tizimda son emas, sifat ustuvor yo‘nalishga aylanishi haqida muhim bayonotlar berdi.
Vazirning ta’kidlashicha, keyingi sakkiz yil davomida O‘zbekistonda talabalar soni qariyb to‘rt baravarga oshgan. Bundan sakkiz yil avval maktab bitiruvchilarining atigi 9 foizi oliy ta’limga qamrab olingan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 42 foizga yetgan. Unga ko‘ra, bu davr ichida nafaqat talabalar, balki professor-o‘qituvchilar soni ham sezilarli darajada ko‘paygan.
Bu raqamlar so‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimida qamrovni kengaytirish siyosati faol olib borilganini ko‘rsatadi. Biroq vazirning qayd etishicha, talabalar sonining bugungi darajaga yetishida ayniqsa sirtqi ta’lim shakli muhim omillardan biri bo‘lgan. Hozirda talabalar umumiy sonining 55 foizi sirtqi ta’lim hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa, tabiiy ravishda, oliy ta’lim muassasalari infratuzilmasiga ham qo‘shimcha yuklama yuklagan.
Vazirning aytishicha, bugungi kunda vazirlik tizimidagi 4–5 ta universitetda darslar uch smenada tashkil etilgan. Qolgan oliy ta’lim muassasalarida esa o‘quv jarayoni asosan ikki smenada olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida vazir endi oliy ta’lim tizimida asosiy e’tibor qamrovni har qanday yo‘l bilan oshirishga emas, balki mavjud resurslar doirasida sifatli ta’limni yo‘lga qo‘yishga qaratilishini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi siyosat ham aynan shu tamoyil asosida shakllanmoqda.
“Biz bundan keyin talabalar sonini keskin oshirmoqchi emasmiz. Avval bor talabalar bilan sifatli ta’limni tashkil etib olaylik. Hozir sondan sifatga o‘tyapmiz, hozirgi siyosat ham shunga qarab ketyapti”, — dedi Qo‘ng‘irotboy Sharipov.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yilda ham, undan keyingi yilda ham sirtqi ta’limga talabalar qabul qilinmaydi. Sirtqi ta’limni qayta joriy etish masalasi faqat mehnat bozorida oliy ma’lumotli ishchi kuchiga ehtiyoj keskin ortgan taqdirdagina ko‘rib chiqilishi mumkin. Hozirgi sharoitda esa bunday zarurat kuzatilmayotgani aytildi.
“Sirtqi ta’limga keyingi yil ham, undan keyingi yil ham talabalar qabul qilinmaydi. Qachonki, oliy ma’lumotli ishchi kuchi yetishmay qolganda yana sirtqi ta’limni yo‘lga qo‘ysak to‘g‘ri bo‘ladi. Hozirgi kunda mehnat bozoriga juda katta hajmda yoshlar kirib kelgan, shu sababdan hozir sirtqi ta’limni ochmay tursak ham bo‘ladi”, — dedi vazir.
Shuningdek, ushbu matbuot anjumanida zaxira nomzodlari tayyorlaydigan “Rektorlar maktabi” tashkil etilishi ma’lum qilindi.
