Oliy taʼlimdagi korrupsiyaviy holatlar statistikasi maʼlum qilindi

Oliy taʼlimdagi korrupsiyaviy holatlar statistikasi maʼlum qilindi

Bugun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Yangi farmon mohiyati va tizimdagi islohotlar ijrosiga bagʻishlangan matbuot anjumani bo’lib o’tdi. Unda tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi yangi yondashuvlar ma’lum qilindi.

 

Vazirlikning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Yadgarov Shuhratning Farmon asosida tasdiqlangan yo‘l xaritasining 46-bandida tizimni raqamlashtirish, shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilganligini ta’kidladi.

 

Mazkur hujjatga muvofiq, endilikda oliy ta’lim tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini baholovchi maxsus reyting tizimi joriy etiladi.

 

Shuningdek, so‘nggi yillarda vazirlikning bu boradagi ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilangani qayd etildi. Xususan, 2022–2023-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish reytingida 47 va 50 ball qayd etilgan bo‘lsa, 2024-yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 82 ballga, 2025-yilda esa 86 ballga yetgan. Ochiqlik indeksi ham 88.4 ballni tashkil etib, ketma-ket ikki yil davomida o‘sish kuzatilgan.

 

Shu bilan birga, tizimda hali ham muammolar mavjudligi qayd etildi. “Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi”, — deya ta’kidladi Shuhrat Yadgarov.

 

Eslatib o‘tamiz: Mart oyida vazirlik tizimidagi mansabdor shaxslardan biri 100 ming AQSH dollari miqdoridagi noqonuniy mablag‘ni olayotgan vaqtida qo‘lga olingani haqida xabarlar e’lon qilingan edi.

 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda 90 nafar, undan oldingi yilda esa 106 nafar xodim sudlangan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 81 nafarni tashkil etgan.

 

Qayd etilishicha, ushbu jinoyatlarning barchasi pora bilan bog‘liq emas. Tahlillarga ko‘ra, sodir etilgan jinoyatlarning atigi 8 foizigacha qismi pora olish yoki berish holatlariga to‘g‘ri keladi, qolganlari firibgarlik va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq.