Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, vazir jamg‘armasi hisobidan malakali pedagoglarga har oylik ustamalar to‘lab kelinmoqda.
2026-yil uchun mazkur ustama to‘lanadigan pedagoglarning cheklangan soni — yillik kvota 1 900 nafar etib belgilangan. Shundan 1 400 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglariga, 100 tasi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari pedagoglariga hamda 400 tasi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilariga ajratilgan.
Nizomga ko‘ra, joriy yilgi saralash jarayonlarining birinchi bosqichi sifatida 2025-yilda o‘tkazilgan bahorgi va kuzgi malaka sinovlari natijalari tahlil qilindi. Unda mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha umumiy ballning kamida 80 foizini, ya’ni 64 ballni qo‘lga kiritgan 36 ming nafardan ortiq nomzodlar ishtirok etdi.
Tahlil yakunlariga ko‘ra, umumta’lim maktablari pedagoglari uchun ajratilgan 1 400 ta kvota doirasida 4 200 nafar, ixtisoslashtirilgan maktablar pedagoglari uchun ajratilgan 100 ta kvota bo‘yicha 281 nafar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari uchun ajratilgan 400 ta kvota bo‘yicha 223 nafar nomzod saralab olindi.
Mazkur pedagoglarga ularning pedagog.uzedu.uz platformasidagi shaxsiy kabinetlari orqali nomzod sifatida tavsiya etilgan yoki etilmaganligi haqida xabarlar yuborilgan.
Shuningdek, Vazirlikka ushbu tahlil natijalari yuzasidan turli savollar kelib tushgani sababli, platformada tanlovning birinchi bosqichi natijalari bo‘yicha e’tiroz va savollar yuborish imkoniyati yaratildi.
Qayd etilishicha, murojaatlar joriy yilning 17-aprel kuni soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi.
Kelib tushgan murojaatlar amaldagi Nizom talablari, jumladan pedagogning mavjud malaka toifasi, ish staji kabi mezonlar asosida ko‘rib chiqiladi hamda yakuniy natijalar bo‘yicha pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga tegishli xabarnomalar yuboriladi.
