“1500 dan yuqori olishimni bilib chiqqanman”: buxorolik o‘quvchi SAT’dan 1540 olib, AQSH universitetlaridan bir nechta grantni qo‘lga kiritdi

“1500 dan yuqori olishimni bilib chiqqanman”: buxorolik o‘quvchi SAT’dan 1540 olib, AQSH universitetlaridan bir nechta grantni qo‘lga kiritdi

Buxoro viloyati Buxoro shahridagi Buxoro davlat texnika universiteti akademik litseyining 205-guruh o‘quvchisi Nilufar Bozorova SAT imtihonidan 1540 ball olib, bir nechta xorijiy universitetlarda o‘qish uchun grantlar yutdi.

 

U, xususan, AQSHdagi “Colorado State University”ning 100 foizlik granti va Nyu-York shtatida joylashgan “Pace University”ning 70 ming AQSH dollari miqdoridagi grantini ham qo‘lga kiritgan.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan erishgan yutuqlari, SAT imtihoniga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va tajribasi haqida suhbatlashdi.

 

IELTS’dan keyin SAT sari: 7 oy, 3 urinish va 1540 ball

 

Buxorolik o‘quvchi Nilufar Bozorovaning aytishicha, unda SAT imtihonini topshirish fikri 8-sinf oxirida, IELTS’dan 7.5 ball olganidan keyin paydo bo‘lgan. Shundan so‘ng, u o‘z oldiga yangi maqsad qo‘ygan va qisqa vaqt ichida yuqori natija sari harakatni boshlagan.

 

“8-sinfning oxirida IELTS imtihonini topshirib, 7.5 ball olganimdan keyin SAT’ga o‘qishga qaror qildim. 7 oy ichida 3 marta imtihon topshirganman: 1380, 1480 va oxiri 1540 natijani olganman”.

 

“Oxirgi 2 oyda uyda tayyorlanib 1540 oldim”

 

O‘quvchining ta’kidlashicha, u kurslarga ham qatnagan, biroq bu usuldan kutilgan samarani sezmagan. Shundan keyin u tayyorgarlik usulini o‘zgartirib, so‘nggi ikki oy davomida asosan mustaqil ravishda uyda shug‘ullangan.

 

“Dastlab kurslarga borganman, ammo o‘zgarishni his qilmaganman. Oxirgi 2 oyda o‘zim uyda tayyorlanib, 1540 ball oldim. Ko‘p vaqtimni uyda o‘tkazib, tashqi distraction’lardan uzoqda bo‘lganim uchun fokusim bir joyda bo‘lgan”, – deydi u.

 

Aynan shu davr uning natijasida keskin o‘sish kuzatilgan bosqich bo‘lgan. O‘quvchi buning sababini tashqi chalg‘ituvchi omillardan uzoq bo‘lgani, ko‘proq uyda vaqt o‘tkazgani va diqqatini bir nuqtaga jamlay olgani bilan izohlaydi.

 

“Imtihonga yaqin faqat SAT haqida o‘ylaganman”

 

Yuqori natija ortida ko‘pincha nimadandir voz kechish kerak bo‘ladi. Nilufar Bozorovaning aytishicha, imtihon yaqinlashgan paytlarda maktab darslari va SAT tayyorgarligini bir xil olib borish qiyinlashgan.

 

“O‘sha vaqt maktab darslariga ko‘p vaqt ajratolmaganman, chunki ikkilasidan birini tanlashim kerak edi. Ayniqsa, imtihonga yaqin qolganda hayolim faqat SAT’da bo‘lgan. Bu esa baholarimni vaqtincha pasayishiga olib kelgan. Ammo undan keyin sinfga yetib olganman va baholarim ham yaxshilangan”.

 

“Bu men qabul qilingan birinchi universitet bo‘lgani uchun hayajon bo‘lgan”

 

Nilufarning xalqaro ta’lim yo‘lidagi eng muhim yutuqlaridan biri — Kolorado shtatidagi universitet (Colorado State University)ga to‘liq grant asosida qabul qilingani bo‘ldi. Uning aytishicha, bu u qabul qilingan birinchi universitet bo‘lgani uchun topshirish jarayonida ham hayajon, ham ikkilanish bo‘lgan.

 

“Bu men qabul qilingan birinchi universitet hisoblanadi. Hujjat topshirish vaqtida hayajon va ikkilanish bo‘lgan, ammo hammasi muvaffaqiyatli o‘tganidan xursandman. Bu universitetga topshirishimning sababi men xohlagan sohaga katta urg‘usi bo‘lgan. Ya’ni men “business management” sohasida o‘qishga ishtiyoqim bor. Bundan tashqari, “Colorado State University” menga to‘liq grant berdi. Bu degani, ular tomondan faqat o‘qish to‘lovi emas, borib-kelish va yashash to‘lovlari ham qoplanadi. Shu bilan birga, bu universitetning joylashuvi ham menga juda yoqqan. Ham tabiatni ham shaharni o‘z ichiga olgandek xuddi”.

 

“Pace University natijasini birinchi bo‘lib ustozimga yuborganman”

 

Mazkur o‘quvchini qo‘lga kiritgan navbatdagi muhim yutuqlaridan biri — “Pace University” tomonidan ajratilgan 70 ming AQSH dollari miqdoridagi grant bo‘ldi. Uning aytishicha, bu universitet Nyu-York markazida joylashgani bilan alohida ajralib turadi.

 

“Pace University Nyu-Yorkning markazida joylashgan bo‘lib, unda Forbes Tadbirkorlarining  farzandlari ta’lim olishadi. Kirgan vaqtimda esa ularning orasida bo‘la olishimga imkoniyat borligini his qilganman. Natijasi chiqqanida, birinchi bo‘lib ustozimga tashlaganman, chunki bu natijani uzoq kutgan edik”, – deydi u.

 

“CommonApp orqali topshirdim, suhbat bo‘lmadi”

 

AQSH universitetlariga grant asosida hujjat topshirish jarayoni ko‘pchilik uchun murakkab ko‘rinadi. Nilufarning so‘ziga ko‘ra, u har ikki universitetga ham CommonApp platformasi orqali hujjat topshirgan.

 

“Ikkalasiga ham CommonApp orqali topshirganman. O‘ylashimcha, ijobiy javob olishimda insholar, maktabdan tashqari qilgan proyektlarim va eng muhimi AP SAT va IELTS ballarim rol o‘ynagan. Bu universitetlarda suhbat bosqichi mavjud emas.

 

“Boshqalar bir kunda qilgan ishni men uch kunda qilganman”

 

Bo‘lg‘usi talaba sertifikat olishda yakka tayyorlangani sabab doimiy ravishda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turadigan odami bo‘lmaganini aytadi. U ko‘p masalalarda mustaqil qaror qabul qilishga majbur bo‘lgan.

 

“Men hammasiga o‘zim tayyorgarlik ko‘rganim uchun nimadan keyin nima qilishni aytadigan odam bo‘lmagan. Shu sababli, boshqalar bir kunda qilgan ishni men 3 kunda qilishimga to‘g‘ri kelgan. Ammo ChatGPT va YouTube orqali muammolarni hal qila olganman”.

 

“1500 dan yuqori olishimni bilib chiqqanman”

 

Nilufar imtihon natijalarini kutish jarayoni haqida gapirar ekan, u sertifikat topshirish jarayoniga ma’lum ma’noda o‘rganib qolganini aytadi. Shunga qaramay, har bir imtihondan keyin his-tuyg‘ular turlicha bo‘lgan.

 

“To‘g‘risi, sertifikat topshirishga o‘rganib ketganman desam ham bo‘ladi. Ammo har bir imtihondan keyin har xil his-tuyg‘u bo‘ladi. 1500 balldan yuqori olishimni bilib chiqqanman, shunday hissiyot bo‘lgan qandaydir. Shuning uchun, natijamni ko‘rganda xursand bo‘lganman, ammo qoyil qolmaganman. Universitetlarga kirganimda ham shunday bo‘lgan. Go‘yoki odatiy holday?”

 

Bugungi kunda ko‘plab o‘quvchilar SAT sertifikatiga tayyorlanmoqda. Nilufar bu borada o‘z tajribasidan kelib chiqib,  ingliz adabiyotini ko‘proq o‘qishni va desmos kalkulyatordan foydalanishni tavsiya qildi.

 

“Yana 6–7 ta Amerika universitetidan grant yutganman”

 

Nilufarning aytishicha, SAT natijasi unga nafaqat grant va yuqori ta’limni kafolatlaydi, balki amaliy faoliyat eshiklarini ham ochgan. Xususan, u SAT bali orqali o‘quv markazlarida dars berishi mumkinligini aytadi.

 

Shuningdek, u faqat ikkita universitet bilan cheklanib qolmaganini ta’kidladi.

 

“Yana boshqa 6-7 ta Amerika universitetlaridan grant yutganman, ayniqsa Penn State University (top 100talikka kiradi dunyo bo‘yicha) Ammo har ehtimolga qarshi visa o‘xshamay qolsa deb Qatar, Xitoy va boshqa davlatlardan ham javob kutyapman”.

 

“Kelajakda o‘zimni dunyo banklarida menedjer sifatida ko‘raman”

 

U o‘zini kelajakda xalqaro moliya tizimida, xususan, dunyo banklarida menedjer sifatida tasavvur qiladi. U bunga xalqaro ta’lim orqali erishish mumkinligiga ishonadi.

 

“Xalqaro sertifikatlardan yuqori natijalar olish 70% acceptance’ni kafolatlaydi, deb o‘ylayman. Shu sababli sifatli o‘quv kurslar sonini oshirish, boshqalarning ham qobiliyatlarini oshirardi menimcha’’.

 

Yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, Nilufar bu bilan to‘xtab qolmoqchi emas. Uning aytishicha, endi u El-Yurt Umidi jamg‘armasi testlariga tayyorgarlik ko‘rishni rejalashtirgan.

 

“Qancha katta ball bo‘lsa, shuncha yaxshi”

 

Grant olishni istagan o‘quvchilarga beradigan asosiy maslahati haqida gapirar ekan, xalqaro sertifikatlarga ko‘proq e’tibor qaratish kerakligini bildirdi.

 

“Ayni paytda o‘quvchilar orasida grant yutib chet elda o‘qimoqchi bo‘lganlar oz emas. O‘z tajribamdan kelib chiqib, ularga sertifikatlarga ko‘proq e’tibor berishlarini maslahat bergan bo‘lardim. Chunki qancha katta ball bo‘lsa, shuncha yaxshi”, – deydi u.

 

Ayni paytda Nilufar Buxorodagi Trivera o‘quv markazida SAT’dan dars bermoqda. Bundan tashqari, u blogging faoliyati ustida ham ishlayotganini bildirdi.

 

Nilufarni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, 3 ta fandan milliy hamda IELTS 7.5 va SAT 1440 ballik sertifikatlarni olgan, shuningdek, xorijdagi 3 ta TOP-100 universitetlarining “foundation” dasturlariga qabul qilingan o‘quvchi Hilola Aliqulova bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni batafsil oqish