2026–2027-yillarda tajriba-sinov tariqasida xalqaro nufuzli tanlovlarda gʻolib va sovrindor boʻlgan Maktab va yozgi toʻgarak oʻquvchilari (jamoalari) hamda ularni tayyorlagan oʻqituvchi (konsertmeyster) bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.
Prezidentning 2026-yil 15-aprelda “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida”gi PQ–137-son qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq quyidagicha miqdorda pul mukofoti beriladi:
- “Gran-pri” va 1-oʻrin sohibi 30 mln soʻm, oʻqituvchi (konsertmeyster) 20 mln soʻm miqdorida;
- 2-oʻrin sohibi 20 mln soʻm, oʻqituvchi (konsertmeyster) 10 mln soʻm miqdorida;
- 3-oʻrin sohibi 10 mln soʻm, oʻqituvchi (konsertmeyster) 5 mln soʻm miqdorida.
Shuningdek, umumxalq bayram dasturlari va yuqori darajadagi anjumanlarning badiiy qismida Maktab va yozgi toʻgarakning iqtidorli oʻquvchilari hamda ijodiy jamoalarining ishtirok etishiga shart-sharoitlar yaratilib, qoʻllab-quvvatlanadi.
Maktabda aʼlo baholarga oʻqiyotgan oʻquvchilarning 10 nafari Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktabi hamda maktab-internatlariga imtihonlarsiz qoʻshimcha kvota asosida qabul qilish tartibi joriy etiladi.
Avvalroq, ushbu qarorga asosan Toshkentdagi bolalar musiqa va sanʼat maktabiga Farrux Zokirov nomi berilishi haqida xabar bergan edik.
