Toshkent shahrida 17 yoshli maktab o‘quvchisi akasining avtomobilini ruxsatsiz olib chiqib, yo‘l-transport hodisasini sodir etdi. Avariya oqibatida uning mashinasida bo‘lgan sinfdoshi halok bo‘lgan. Bu haqda “Milliy” telekanali xabar berdi.
Voqea 2025-yil 25-mart kuni ertalab, Ramazon hayiti paytida sodir bo‘lgan. O‘quvchi akasining Tracker rusumli avtomobilini soatiga 137 km tezlikda haydab ketayotganda boshqaruvni yo‘qotib, ikkita mashina va ustunga urilgan. Natijada uning sinfdoshi avtomobil salonidan uchib ketib, voqea joyida halok bo‘lgan.
“Do‘stlarim qo‘ng‘iroq qilib, “ko‘chaga chiqmaymizmi” deb chaqirdi. Akamning mashinasi kalitini oldim. Avtomobillarga ko‘p qiziqardim, boshqa bunday holat qaytarilmaydi. Qilgan ishimdan afsusdaman”, — dedi ayblanuvchi sudda.
Sud uni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismiga ko‘ra — transport vositasidan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzib, inson o‘limiga sabab bo‘lish jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topdi. Dastlab unga to‘rt yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan, biroq keyinchalik sud hukmni yengillashtirib, uch yil shartli ozodlikdan mahrum etish jazosini belgiladi.
