Oliy ta’limga talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar uchun kollej va texnikumlardagi kasb va mutaxassisliklarni tanlash imkoniyati bugun yakunlanadi. Abituriyentlar 25-avgust kuni kun yakuniga qadar o‘z tanlovlarini amalga oshirishlari mumkin.
Xabaringiz bor, 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga yakuniy tanlov natijalari 15-avgust kuni e’lon qilingan edi.
Oliy ta’limga talabalikka tavsiya etilmagan hamda oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar uchun kollej va texnikumlardagi kasb va mutaxassisliklardan birini tanlash imkoniyati berilgan.
Bugun, 25-avgust ushbu tanlovni amalga oshirishning so‘nggi kuni hisoblanadi.
Abituriyentlar my.uzbmb.uz sayti orqali kasbiy ta’lim muassasasi (kollej yoki texnikum), kasb va mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlashlari lozim. Abituriyentlar tanlash muddati yakunlangunga qadar o‘z tanlovlarini o‘zgartirishlari ham mumkin.
Kasbiy ta’lim muassasalariga talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani haqidagi yakuniy natijalar tanlov to‘liq yakunlangandan so‘ng bir hafta muddatda e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, vakant o‘rinlarga qo‘shimcha tanlov uchun ro‘yxatdan o‘tish ham boshlangan. Abituriyentlar 2026-yil 22-avgustdan 28-avgustga qadar (shu kuni ham) Agentlikning my.uzbmb.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
