Jizzaxda ham 37 nafar bog‘cha bolalari ovqatdan zaharlangani aniqlanganligi haqida xabar bergan edik.
Ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy bayonot berdi.
2025-yil 9-oktabr kuni Jizzax viloyati Forish tumanidagi bir nechta maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ayrim tarbiyalanuvchilarida engil noxushlik, haroratning ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi va qisqa muddatli ovqat hazm qilish buzilishi belgilari kuzatilgan.
Ularga o‘z vaqtida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirgi paytda barcha bolalarning ahvoli barqaror, sog‘lig‘iga xavf yo‘q. Faqat 2 nafar bola profilaktika maqsadida shifokorlar kuzatuvida qolmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, noxushlik holati oziq-ovqat omillari bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimol qilinmoqda. Aniq sabab laboratoriya tahlillari natijalariga ko‘ra belgilanadi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati mutaxassislari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari va suvdan namunalar olingan, tadqiqotlar olib borilmoqda, — deyiladi bayonotda.
Shuningdek, bolalar salomatligi va ovqatlanish xavfsizligiga oid holat yuzasidan Bolalar ombudsmani ham Jizzax viloyati Forish tumanidagi 1-, 3-, 5- va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida ommaviy zaharlanish holati bo‘yicha joyiga chiqqan tarzda monitoring o‘rganish ishlarini olib borayotganini bildirgan.
O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi kutilmoqda.
