AQSHda talabaning jinoyati ChatGPT bilan yozishmalari orqali fosh bo‘ldi

AQSHda talabaning jinoyati ChatGPT bilan yozishmalari orqali fosh bo‘ldi

AQSHning Missuri shtatida 19 yoshli talaba Rayan Shefer politsiya tomonidan avtomobillarga ommaviy zarar yetkazganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Springfild politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, yigit voqeadan so‘ng ChatGPT orqali yozishmalarida o‘z qilmishini tan olgan va vandalizm uchun jazodan qanday qutulish mumkinligini so‘ragan. Bu haqda “Habr” nashri xabar berdi.

 

Tergov ma’lumotlariga qaraganda, kechasi soat uchlarda Shefer 17 ta avtomobilning oynasini sindirib, ko‘zgularini yulib tashlagan, kapotlariga zarar yetkazgan va oyna tozalagichlarini buzgan. Videokuzatuv yozuvlari unga ko‘rsatilganda, u videodagi shaxs o‘zi bilan o‘xshashligini tan olgan va iPhone’ini tekshirishga rozi bo‘lgan. Smartfon tahlili yigitning voqea joyida bo‘lganini tasdiqlagan.

 

Bundan tashqari, ChatGPT bilan yozishmalarda u sodir etgan ishini tan olib, ilgari shunga o‘xshash holatda jazodan qutulganini aytgan. Yozishmalar davomida uning ohangi tajovuzkordan xotirjamlikka o‘zgargan, biroq ayrim jumlalarda boshqa odamlarga nisbatan tahdidlar ham aniqlangan.

 

Talaba hozirda mol-mulkka qasddan zarar yetkazganlikda ayblanmoqda. Sud qaroriga ko‘ra, u hibsda saqlanadi, ozodlikka chiqqach esa spirtli ichimliklar sotiladigan joylarga kira olmaydi, alkogol va giyohvand moddalar iste’molini maxsus testlar orqali tekshirish sharti bilan nazorat ostida bo‘ladi hamda joylashuvini aniqlash uchun elektron kuzatuv moslamasi taqib yuradi.