AQSHda nufuzli universitet bitiruvchisi 6 000ta ishga ariza yuborib, “tajriba yetishmasligi” sabab qabul qilinmadi — The New York Times

AQSHda nufuzli universitet bitiruvchisi 6 000ta ishga ariza yuborib, “tajriba yetishmasligi” sabab qabul qilinmadi — The New York Times

Kompyuter fanlari bo‘yicha o‘qiyotgan talabalar uchun yorqin kelajak tasavvur qilinardi. Bitirgach, ularga bir nechta ish takliflari, yuqori boshlang‘ich maosh va turli imtiyozlar — bepul ovqat, sport zallari va hatto ofisdagi stol tennisi kutayotgandek edi.

 

 

Ammo bugun vaziyat o‘zgardi. Texnologik kompaniyalar ommaviy ravishda xodimlarni qisqartirmoqda. Ayrim hollarda ular o‘zlari ishlab chiqqan sun’iy intellekt yechimlari bilan xodimlarni almashtirmoqda.

 

 

Oregon State Universiteti bitiruvchisi Zach Taylor The New York Times’ga aytishicha, 2023-yildan beri u qariyb 6 mingta ishga ariza topshirgan. Natijada, u 13 ta suhbatga taklif qilingan, biroq ishga olinmagan. Hatto McDonald’s ham uni “tajriba yetishmasligi” sababli ishga qabul qilmagan.

 

“Bu hayotimdagi eng tushkunlikka soluvchi tajribalardan biri bo‘ldi”, — deydi u.

Holat qanday?

 

Layoffs.fyi kuzatuvchisi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda 551 ta kompaniyada 150 mingdan ortiq texnologiya xodimlari qisqartirilgan. 2025-yilning o‘zida esa 199 ta kompaniyada 88 mingdan ortiq xodim ishdan bo‘shatilgan.

 

 

Amazon, Google, Meta, Lenovo va Intel kabi yirik kompaniyalar 2024-yilda katta qisqartirishlar qilgan, 2025-yilda ham bu davom etmoqda. Masalan, Microsoft joriy yil iyulida yana 9 ming xodimni qisqartirishini e’lon qilgandi.

 

 

Aslida, sun’iy intellekt qo‘lda bajariladigan ishlarni avtomatlashtirishi va xodimlarga yuqori qiymatli vazifalar bilan shug‘ullanish imkonini berishi kerak edi. Ammo ko‘pchilik AI ularni butunlay almashtirishidan xavotirda — va bu jarayon allaqachon boshlangan.

 

 

Amazon bosh direktori Andy Jassy xodimlarga yo‘llagan xatda AI “ishimizni hozirgidan ham qiziqarli va maroqli qiladi”, deb yozgan. Biroq u, shu bilan birga, AI keng qo‘llanilishi natijasida kompaniya shtati qisqarishini ham aytib o‘tgan.

 

 

Bundan tashqari, kam kodli (low-code) va kodsiz (no-code) vositalar oddiy kodlash ishlarini hattoki dasturlash tajribasiga ega bo‘lmagan odamlar uchun ham osonlashtirmoqda.

 

Talabalar qanday munosabatda?

 

The New York Times’ga ko‘ra, ko‘plab yosh dasturchilar endi 165 ming dollarlik texnologiya ishlariga umid qilmayapti.

 

“Men endigina kompyuter fanlari bo‘yicha diplom oldim, va menga intervyuga qo‘ng‘iroq qilgan yagona kompaniya Chipotle bo‘ldi”, — deydi Purdue Universiteti bitiruvchisi Manasi Mishra TikTok’da e’lon qilgan videosida.

 

Shundan so’ng, The New York Times davlat va xususiy universitetlarning 150 dan ortiq talabalari va bitiruvchilaridan so‘rov o‘tkazdi.

 

“Ba’zilari yuzlab, hatto minglab kompaniyalarga ariza topshirganini aytishdi. Ammo ko‘plab kompyuter fanlari bo‘yicha bitiruvchilar uchun oylab davom etgan ish qidirish jarayoni ko‘pincha kuchli tushkunlik bilan, ba’zan esa kompaniyalar tomonidan javobsiz qoldirish bilan tugagan.”

 

Bu jarayon faqat IT sohasidagilarga ta’sir qilgani yo‘q. Indeed Hiring Lab tadqiqotlariga ko‘ra, bitiruvchilarning uchdan bir qismi diplomini “mablag‘ni behuda sarflash” deb hisoblaydi. Gen Z vakillarining yarmidan ko‘pi (51%) esa tanlovidan pushaymon.

 

 

Sababi, “kollej maosh prеmiyasi” o‘sishi to‘xtagan, o‘qish narxi esa sezilarli darajada oshgan. Natijada talabalar katta qarz bilan o‘qishni tugatmoqda, lekin hatto McDonald’s’da ham ish topolmayapti.

 

Oldinda nima kutmoqda?

 

Nyu-York Federal Rezerv Banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning ikkinchi choragida oliy ma’lumotli yoshlar orasida ishsizlik o‘rtacha 5,3% bo‘lgan. Qisman bandlik darajasi esa 41% ni tashkil etgan.

 

 

Kompyuter fanlari bitiruvchilari esa yana bir muammoga duch kelishdi — noqulay vaqt. Computing Research Association’ning ijrochi direktori Tracy Camp aytishicha, ko‘plab universitetlar endi-endi talabalarni AI dasturlash vositalaridan foydalanishga o‘rgatishni boshlagan.

 

 

Biroq Mehnat statistikasi byurosi prognozlariga ko‘ra, 2033-yilgacha kompyuter bilan bog‘liq kasblar soni oshishda davom etadi. Faqat bu safar o‘sish oddiy dasturlash emas, balki maxsus tajriba talab qiladigan yo‘nalishlardan kelib chiqadi — masalan, kiberxavfsizlik, bulutli texnologiyalar va ma’lumotlar injiniringi.

 

 

Chunki bu ishlar soha bo‘yicha chuqur bilim va insoniy qaror qabul qilishni talab qiladi — bu esa AI tomonidan osonlikcha takrorlanmaydi. Shu bilan birga, bu bitiruvchilar albatta yana to‘rt yil o‘qib, qarz orttirishi kerak degani emas. Bir yechim — mikro-sertifikatlar: qisqa muddatli, aniq ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan dasturlar.

 

 

Indeed Hiring Lab hisobotida ta’kidlanishicha:

 

“Ishga qabul qilishda ta’lim talablari yo‘qolib ketmaydi, ammo ko‘nikmalarga asoslangan yondashuvning kengayishi xodimlar uchun hozirdan ko‘nikmalarga sarmoya kiritish zarurligini ko‘rsatmoqda. Boshqacha aytganda, oliy ma’lumotga ega bo‘lganlar ham qayta tayyorlanishni o‘ylashlari kerak bo‘ladi.”