Attestatsiya ishi bo‘yicha uchinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi: sud qanday qarorga keldi?

Attestatsiya ishi bo‘yicha uchinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi: sud qanday qarorga keldi?

Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, ma’naviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish yuzasidan sudga kiritgan da’vo arizasi bo‘yicha sud ishi davom etmoqda.

 

Kecha, 4-sentyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tumanlararo sudida uchinchi sud majlisi bo‘lib o‘tgan. Bu haqda Xalqtaliminfo.uz xabar berdi.

 

Sudya Shukurulayeva Guli Yusupovna raisligida ko‘rib chiqilgan uchinchi sud majlisida vazirlikdan vakil sifatida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi xodimi, vazirlik yuristi hamda bevosita attestatsiya jarayonlarini tashkil etishga mas’ul bo‘lgan xodimlar qatnashgan. Shuningdek, mustaqil ekspert sifatida Komil Jalilov, Shokir Tursun, bloger, jamoatchilik faoli Isroil Tillaboyev, jumladan xalqtaliminfo.uz nashridan vakil sifatida Ulug‘bek Po‘latov tinglovchi sifatida ishtirok etgan.

 

Sudda o‘qituvchilar huquqini himoya qilayotgan advokat Muhammadamin Karimjonov sud majlisi boshida testologiya bo‘yicha mutaxassis sifatida Komil Jalilov va filolog Shokir Tursunini ekspert sifatida sudda ishtirok etishi iltimosnomasini kiritdi, ammo vazirlik tomon suddan bu iltimosnomani rad qilinishini so‘radi, sudya vazirlik tomonining rad etish talabini qanoatlantirgan.

 

Dastlab, sud majlisida javobgar – Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomoni eshitilgan.

 

Vazirlik vakili o‘tgan sud majlisida da’vo arizasida keltirib o‘tilgan, ya’ni imtihon davomida kompyuter qurilmalarida texnik nosozliklar kuzatilgani bois, qurilmalar qayta faoliyatga tushganidan so‘ng avval belgilangan javoblar o‘rnini o‘zgartirib qo‘yish holatlari bo‘yicha e’tirozlarni rad etgan, uni asoslash maqsadida da’vogar o‘qituvchilarning imtihon vaqtida kechgan jarayonlar aks etgan videoyozuvlarini sudga taqdim etgan.

 

Mazkur videoyozuvlardan ma’lum bo‘lishicha, da’vogar pedagoglarning hech biri test sinovlari vaqtida kompyuter qurilmalarida texnik nosozliklar kuzatilgani hamda ularga tinchlik ta’minlanmaganligi haqida nazoratchilarga hech qanday e’tiroz bildirmagan, shuningdek testlarni ishlashdagi vaqt masalasida ham muammolar kuzatilmagan.

 

Shuningdek, sudda UZINFOCOM tomonidan 2025-yil 22-24-aprel kunlari “Toifa sinovlarini o‘tkazish” axborot tizimida da’vogar o‘qituvchilar malaka (test) sinovlarini topshirgan vaqtida dasturiy ta’minotda hech qanday texnik ishlar olib borilmaganligi, tizimda texnik uzilishlar kuzatilmaganligi bo‘yicha xulosalar ham taqdim etilgan.

 

UZINFOCOM tomonidan bildirilgan xulosadan kelib chiqilsa, “Toifa sinovlarini o‘tkazish” axborot tizimi tashqaridan kirish hamda har xil ta’sir etuvchi omillardan to‘liq himoyalangan. Tizimdan internet tarmog‘isiz faqat ichki tarmoqda foydalanish mumkin.

 

Shuningdek, pedagoglar shikoyatiga apellyatsiya komissiyasi tomonidan javob berilgani aytilib, bu masalada da’vogar pedagoglarga telefon orqali ham to‘liq tushuntirishlar berilgani alohida ta’kidlangan.

 

Sud majlisi davomida test savollarining yaroqli ekanligini asoslovchi dalillar sifatida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi Ilmiy kengashi xulosalari, taqriz hamda tegishli buyruqlardan ko‘chirmalar ham sudga taqdim qilingan.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi attestatsiya sinovlari xolis va adolatli o‘tkazilgani, tashkiliy masalalarda ham muammolar kuzatilmagani, oshkoralik, kengashib ish ko‘rish, xolislik talablari mutlaqo buzilmaganligi hamda test savollarida ham muammolar yo‘qligini ta’kidlab, da’vo shikoyatini rad etishini so‘ragan.

 

Da’vogar tomonning e’tirozlari nimalardan iborat?

 

Advokat Muhammadamin Karimjonov mustaqil ekspert tayinlash bo‘yicha sudga qayta iltimosnoma kiritdi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi faqatgina o‘qituvchi tomonidan xato ishlangan 12 ta test savolliklarini emas, balki barcha 50 ta testini sudga taqdim qilishini so‘ragan.

 

Advokat barcha test savolliklari taqdim etilmagan taqdirda, test savolliklarining validligi bo‘yicha umumiy xulosalar chiqarish imkonsiz ekanligini alohida ta’kidlagan.

 

Pedagog kadrlar attestatsiyasi uchun test topshiriqlarini tuzishga mas’ul tashkilot tomonidan sinov materiallarining validligi va ishonchligiga oid, shuningdek, attestatsiyada ishtirok etgan pedagoglarga taqdim etilgan test topshiriqlari fan bo‘limlari (subdomenlar) va kognitiv darajalar (bilish, qo‘llash, mulohaza) bo‘yicha taqsimotining spetsifikatsiyaga mos emasligi alohida ta’kidlanib, bunga asos sifatida mustaqil ekspertlar – Komil Jalilov va Shokir Tursunning xulosalarini sudga taqdim qilinib, buni da’vogar tomonining umumiy e’tirozlari sifatida qabul qilishni suddan so‘ragan.

 

Sud davomida da’vogar o‘qituvchi Kamolov Abror Abdixalim o‘g‘liga attestatsiya test sinovida tushgan va xato deb topilgan 12 ta test savollarining ayrimlari tahlil qilinib, ularning ichida bir nechta test savollarida aslida xato bo‘lgan variantlar “Toifa sinovlarini o‘tkazish” axborot tizimida to‘g‘ri javob sifatida ko‘rsatilgani qayd etilgan.

 

Jumladan, Abror Kamolovga tushgan 32-test quyidagicha keltirilgan:

 

Quyidagi parchada qatnashgan yordamchi so‘z turkumiga oid birliklar haqida qaysi fikr to‘g‘ri?

 

Nahot jannatning ham o‘z o‘ti bordir

Ne bu yuragimda adashgan javzo

Nega buncha og‘ir, oh, buncha og‘ir

Gunohsizlik uchun berilgan jazo.

 

A) Yordam so‘z turkumlarining barcha turi qatnashgan

B) Bitta ko‘makchi, ikkita bog‘lovchi qatnashgan

C) Ikkita yuklama, bitta ko‘makchi qatnashgan

D) Uchta yuklama, bitta ko‘makchi qatnashgan

 

Advokat Muhammadamin Karimjonovning ta’kidlashicha, markaz tomonidan belgilangan to‘g‘ri javob D, asli to‘g‘ri javob esa C. Parchada ikkita yuklama – nahot va ham; bitta ko‘makchi – uchun qatnashgan. Tahlilda aytilgan -dir bu parchada yuklama emas, bog‘lama sifatida kelgan. -dir qo‘shimchasi gumon yuklamasi sifatida kelishi uchun “balki”, “ehtimol” so‘zlari bilan almasha olishi kerak. Parchada esa bunday qilib bo‘lmaydi.

 

Ushbu savolni vazirlik eksperti, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi xodimi xato emasligini asoslab berish maqsadida tahlil qildi va test mutlaqo to‘g‘ri tuzilganligini ta’kidladi. Ammo, da’vogar tomon huquqlarini himoya qilish maqsadida sudda qatnashayotgan shaxslar sud tomonidan ekspert sifatida ishtirok etishi rad etilgani bois, Komil Jalilov va Shokir Tursunga so‘z berilmadi.

 

Sud qarori

 

Sud unga taqdim etilgan barcha materiallarni mustaqil ekspertlarni jalb qilgan holda batafsil o‘rganib chiqilishini ta’kidladi.

 

Advokat Muhammadamin Karimjonov mustaqil ekspert tayinlash bo‘yicha iltimosnomasi qanoatlantirishini bildirdi. Ammo, uning Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan attestatsiyada o‘qituvchiga berilgan  50 ta test savollarini taqdim etish to‘g‘risidagi iltimosnomasi rad etilgan.
Sudya buni o‘qituvchi qolgan savollarga to‘g‘ri javob berganligini, shu sababli, bu savollarni tahlil qilish, validligini tekshirishga hech qanday asos yo‘qligi bilan izohlagan.
Shundan so‘ng, navbatdagi sud majlisi 8-sentyabrga qoldirilganligini ma’lum qilindi.