O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari”ga ko‘ra, o‘quvchilarga bir qator yangi cheklovlar belgilangan.
Mazkur qoidalarga muvofiq, ta’lim muassasalarida quyidagilar taqiqlanadi:
Nostandart kiyinish: o‘quvchilarning ta’lim muassasasi ustaviga zid kiyimlarda kelishi man etiladi. Masalan, o‘g‘il bolalar kalta shim, futbolka yoki shippakda, qiz bolalar esa kalta, tor yoki tanani ochiq ko‘rsatadigan yupqa (harir) kiyimlarda kelishi mumkin emas. Shuningdek, turli taqinchoqlarni taqish ham cheklangan.
Kamsituvchi xatti-harakatlar: o‘quvchilar bir-birini haqorat qilishi, behayo so‘zlar ishlatishi, diskriminatsiya yoki har qanday zo‘ravonlik (ruhiy, jismoniy va boshqalar) ko‘rsatishi qat’iyan man etiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda noo‘rin materiallar: qonun bilan taqiqlangan yoki milliy va umuminsoniy qadriyatlarga zid bo‘lgan videolar, shuningdek, maktab, o‘qituvchi va o‘quvchilarning sha’niga putur yetkazuvchi materiallarni ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish yoki yovuz maqsadlarda foydalanish mumkin emas.
Mobil vositalardan noo‘rin foydalanish: dars jarayonida quloqchin (naushnik) orqali telefon yoki boshqa audio qurilmalardan foydalanish, shuningdek, mobil telefon kamerasi orqali dars jarayonini tasvirga olish taqiqlanadi.
Kompyuterdan noto‘g‘ri foydalanish: maktab kompyuterlarida bolalar yoshiga mos bo‘lmagan videolar, diniy ekstremistik materiallar, behayo suratlar yoki zo‘ravonlik va pornografiya targ‘ib qiluvchi kontentni saqlash, tarqatish qat’iyan man etiladi.
Noqonuniy tadbirlar: ta’lim muassasasi hududida tug‘ilgan kun yoki qonunchilikda ko‘zda tutilmagan turli bayramlarni o‘tkazish ham ruxsat etilmaydi.
Ushbu yangi tartib-qoidalar maktablarda intizomni mustahkamlash, o‘quvchilarning odob-axloqiy muhitini yaxshilash va ta’lim jarayonining samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ko’zda tutilgan.
