Oliy taʼlim muassasasining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasi ulushining chegarasi maʼlum bir oliygohning qaysidir yoʻnalishiga ajratilgan kvotaning shuncha foizi miqdorida grant ajratiladi. Ya’ni davlat granti ulushining chegarasi oliygohning jami kvotasidan emas, balki o‘sha OTMdagi yo‘nalishning kvotasidan foiz chiqariladi.
Davlat granti ulushi chegarasiga misol tariqasida:
• Filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishi uchun jami davlat granti — 1 580 ta;
• Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili uchun chegara — 15%;
• O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili kvotasi — 800 ta.
Dastlab “Inyaz”dagi ingliz tili filologiyasi kvotasining 15 foizini hisoblansa: 800 * 15% = 120 ta.
Demak, “Inyaz”dagi ingliz tili filologiyasiga maksimum 120 ta grant qabul qilinadi. Bundan kam bo‘lsa bo‘ladi, lekin oshib ketmaydi. Qolgan 680 ta kvota to‘lov-kontrakt asosida bo‘ladi.
Endi umumiy grant kvotasida qancha o‘rin qolayotganini ko‘ramiz. 1 580 – 120 = 1 460 ta.
Agar “Inyaz”dagi ingliz tili filologiyasiga 120 ta grant olinsa, unda Filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishi uchun 1 460 ta grant o‘rni boshqa oliygohlarga hamda “Inyaz”ning boshqa yo‘nalishlariga (boshqa tillarga) ajratiladi.
Unutmang, Filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishi uchun ajratilgan jami 1 ming 580 ta davlat granti kvotasi faqat ingliz tili uchun emas, barcha tillar uchun berilgan. Bunda barcha tillar bo‘yicha testga kirgan abituriyentlar umumiy “qozonga solinadi” va eng yuqori ball olganlar davlat granti ulushi chegarasiga rioya qilgan holda grantga taqsimlanadi.
