Rossiyada sun’iy intellekt o‘qituvchisi yordamida talabalar ilmiy terminlarni yaxshiroq o‘zlashtirdi

Rossiyada sun’iy intellekt o‘qituvchisi yordamida talabalar ilmiy terminlarni yaxshiroq o‘zlashtirdi

Rossiyada o‘tkazilgan tadqiqot natijasida sun’iy intellekt (SI) o‘qituvchisi bilan mashg‘ulotlar o‘tkazgan talabalar ko‘proq ilmiy terminlarni eslab qolganlari ma’lum bo‘lgan.

 

 

Skolkovo Menejment Maktabi va MFTI birgalikdagi bakalavriat dasturi talabalari “Inson xulq-atvori biologiyasi” kursini to‘liq SI-professor – “Robert” rahbarligida o‘rgangan. Robert Skolkovo Menejment Maktabi Sun’iy intellekt laboratoriyasi va Tyumen davlat universiteti tomonidan yaratilgan.
 

Eksperiment natijalari “Известий” nashrida e’lon qilingan.
 

Unda SI-o‘qituvchi va odatiy inson o‘qituvchisi samaradorligini solishtirish uchun ikki guruh bir xil mazmundagi intensiv kursni olgan. Har bir guruhda 42 nafar birinchi kurs talabasi qatnashgan, kurslar 6 kun davomida har kuni 7 soat bo‘lib o‘tgan. Talabalar ilgari biologiya bo‘yicha davlat imtihonini topshirmagan va SI bilan faqat amaliy tajribaga ega bo‘lishgan.
 

An’anaviy formatda kurs odatiy o‘qituvchi ma’ruzalari va yuzma-yuz seminarlarni o‘z ichiga olgan. SI-professor boshchiligidagi guruhda talabalar unga individual va guruh shaklidagi turli usullar orqali murojaat qilishgan.

 

 

Natijalarga ko‘ra, SI-o‘qituvchi bilan o‘rgangan talabalar javoblarida ko‘proq mavzular qamrab olingan, shuningdek, ilmiy terminlarni aniqroq va batafsilroq ishlatishgan. Ular kursning asosiy g‘oyalarini yanada to‘liq tushunishganligi aniqlangan.

 

 

Eksperimentda Tyumen davlat universiteti tomonidan ishlab chiqilgan “SI-persona” texnologiyasi qo‘llanilgan. Bu texnologiya mavjud neyron tarmoqlari asosida yaratilgan bo‘lib, ta’lim jarayoniga mo‘ljallangan maxsus funksiyalarga ega hisoblanadi.