Rossiyada muhandislik yoki aniq fanlarga nisbatan eng ko‘p dissertatsiyalar iqtisodiyot sohasida himoya qilinmoqda. Bu haqda Oliy attestatsiya komissiyasining (OAK) so‘nggi plenumida taqdim etilgan tahlil natijalariga tayanib ma’lum qildi.
Unda, umumiy statistika bilan birga, ekspertlar qonunbuzarliklar sonining oshganini qayd etib, nazoratni kuchaytirish, shuningdek, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini taklif qilgan.
Rossiya Fanlar akademiyasi (RFA) rahbari Gennadiy Krasnikov kirish so‘zida shunday degan: RFAning 300 yilligi kunlarida Prezident tomonidan berilgan topshiriqlar davlat ilmiy attestatsiya tizimida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelgan.
‘‘Biz Rossiya fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Nikolaevich Falkov bilan birgalikda o‘tgan yilning 1 avgustida davlat ilmiy attestatsiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha Rejani tasdiqladik.
Bu reja Rossiya Fanlar akademiyasi tomonidan Rossiya Federatsiyasi Hukumatining ko‘magida mamlakat ilmiy salohiyatini mustahkamlash, yagona ilmiy siyosatni shakllantirish, fundamental va amaliy ilm-fan rivojlanishining kompleks, strategik ko‘rinishini yaratishga qaratilgan keng qamrovli ishlarning bir qismidir’’, — degan Gennadiy Krasnikov.
Rossiya fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkovning ta’kidlashicha, endilikda Rossiya Fanlar akademiyasi (RFA) ekspertlik faoliyatini boshqarish, ekspert ishlarini muvofiqlashtirish va dissertatsion ishlar sifatini nazorat qilish bo‘yicha to‘liq mas’uliyatni zimmasiga oladi.
‘‘RFAga yuklangan yangi vazifalar, ilmiy jamoatchilikning yanada ortgan roli bilan birga, Fan va oliy ta’lim vazirligi, Oliy attestatsiya komissiyasi va Rossiya Fanlar akademiyasi o‘rtasida davlat ilmiy attestatsiyasi tizimini rivojlantirish bo‘yicha barcha masalalarda yangi hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘ymoqda’’, — dedi Falkov.
Yig‘ilish davomida Oliy attestatsiya komissiyasi bosh ilmiy kotibi Dmitriy Ivanov ma’lum qildiki, ilmiy daraja himoyalari bo‘yicha eng ko‘p ishlar texnika, tibbiyot va biologiya fanlariga to‘g‘ri kelgan. Biroq, aniq mutaxassisliklar ichida esa yetakchi o‘rinni «mintaqaviy va tarmoq iqtisodiyoti» egallab turibdi. Aynan shu yo‘nalishda eng ko‘p nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilinmoqda.
So‘nggi bir yarim yilda komissiya doktorlik ilmiy darajasini berish bo‘yicha 1 185 ishni ko‘rib chiqqan (shundan atigi 21 tasi rad etilgan). Shuningdek, 8 607 ta nomzodlik dissertatsiyasi ko‘rib chiqilgan, ulardan faqat 44 tasi rad etilgan.
Doktorlik darajasini olishning o‘rtacha yoshi — 46 yosh bo‘lib, faqatgina 31 foiz izlanuvchilar 40 yoshga to‘lguncha himoyani yakunlaydi.
Nomzodlik himoyalari, odatda, 34 yoshda amalga oshiriladi, ularning uchdan ikki qismi 35 yoshgacha dissertatsiyalarini himoya qilmoqda. Faqatgina 17 foiz doktorlik darajasi egasi rasmiy doktorantura bosqichidan o‘tgan, bu esa ilmiy tayyorgarlikda barqarorlik yetishmasligini ko‘rsatgan.
‘‘Bizda yildan-yilga texnika fanlari yetakchilik qilmoqda, ammo eng ko‘p himoyalar — iqtisodiyot bo‘yicha’’,— Dmitriy Ivanov, OAK bosh ilmiy kotibi.
Eng katta xavotir mustaqil ravishda ilmiy darajalar berish huquqiga ega bo‘lgan tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq.
2023-yil yakunlariga ko‘ra, 1 524 ta dissertatsiya kengashidan 609 tasi ish faoliyatida qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan. Tanlab tekshirilgan 384 dissertatsiyaning 21 tasi OAK talablariga javob bermagan. Bu esa mutaxassislikka mos kelmaslik, ilmiy yangilikning yo‘qligi yoki yetarli ilmiy nashrlarning bo‘lmagani kabi kamchiliklarni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, hisobot davrida 201 nafar shaxsni ilmiy darajadan mahrum qilish bo‘yicha arizalar qanoatlantirilgan, 188 ta yangi dissertatsiya kengashi tashkil etilgan, 60 tasi esa faoliyatini to‘xtatgan.
Oliy attestatsiya komissiyasi bosh ilmiy kotibi Dmitriy Ivanov bunday arizalar uchun da’vo muddati 10 yildan 3 yilgacha qisqartirilishini taklif etgan. Ayniqsa, doktorlik dissertatsiyalari ustida ishlayotgan yosh olimlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash amaliyotiga qaytishga chaqirgan.


