Bishkekdagi oliygohdan o‘zbekistonlik 30 nafar talaba oʻqishdan chetlatildi

Bishkekdagi oliygohdan o‘zbekistonlik 30 nafar talaba oʻqishdan chetlatildi

Bishkek shahridagi I. Arabayev nomidagi Qirgʻiz davlat universitetida (QDU) xizmat vakolatini suisteʼmol qilish holatlari aniqlandi. Bu haqda 2025-yil 1-iyul kuni Qirgʻiz Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi (MXDQ) maʼlum qildi.

 

 

Qayd etilishicha, Qirgʻiz Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi (MXDQ) tomonidan “chuqur tekshirilgan va ishonchli maʼlumotlar” olingan boʻlib, unda Qirgʻiz davlat universitetida xorijiy talabalarning oʻqishi bilan bogʻliq qonunbuzarliklar aniqlangan.

 

“Aniqlanishicha, rasman oʻqishga qabul qilingan bir qator xorijiy talabalar amalda Qirgʻiz Respublikasi hududida boʻlmagan, taʼlim jarayonida ishtirok etmagan hamda mamlakat tashqarisida boʻlib turgan. Ushbu holat yuzasidan Qirgʻiz Respublikasi Jinoyat kodeksining 346-moddasi 1-qismi (“Xizmat vakolatini suisteʼmol qilish”) alomatlari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi”, – deyiladi MXDQ maʼlumotida.

 

Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi maʼlum qilishicha, tergov-operativ tadbirlar doirasida komissiya tekshiruvi oʻtkazilib, mazkur qonunbuzarliklar tasdiqlangan.

 

‘‘Tekshiruv natijasiga koʻra, 59 nafar xorijiy talabani oʻqishdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi, ulardan:

 

30 nafari – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari,

 

20 nafari – Qozogʻiston Respublikasi fuqarolari,

 

9 nafari – Rossiya Federatsiyasi fuqarolari’’, – deya taʼkidlangan MXDQda.

 

Hozirda MXDQ Qirgʻiz davlat universitetining professor-oʻqituvchi hamda maʼmuriy tarkibi orasida aniqlangan qonunbuzarliklarga aloqador shaxslarning doirasini aniqlash boʻyicha tergov-operativ ishlarini davom ettirayotgani qayd etilgan.