«Harry Potter» — britaniyalik yozuvchi J.K.Rowling tomonidan yaratilgan fantastik romanlar seriyasidir. Bu seriya birinchi marta 1997-yilda Bloomsbury nashriyoti tomonidan chop etilgan «Harry Potter and the Philosopher’s Stone» (“Garri Potter va hikmatlar toshi” nomi bilan tanilgan) kitobi bilan boshlangan. Bu yosh sehrgar sarguzashtlari haqidagi seriyaning birinchi kitobi edi. O‘shanda bu oddiy bir debyutdek ko‘ringan bo‘lsa-da, tez orada butun dunyoni qamrab olgan madaniy va adabiy fenomenga aylandi.
Kitob bilan bog‘liq bo‘lgan qiziqarli faktlar
J.K.Rowling «Harry Potter»ning birinchi kitobini yozishda juda ko’p qiyinchiliklarga duch kelgan. U 12 marta rad etilgan, lekin nihoyat Bloomsbury nashriyoti uni nashr qilishga rozi bo’lgan.
Gryffindor uyining rangi qizil va oltin, bu J.K.Rowlingning o’ziga xos tanlovi emas, balki uning onasining sevimli ranglaridan biridir.
Shuningdek, 2003-yilda “Garri Potter va hikmatlar toshi” BBC versiyasidagi eng sevimli kitoblar ro‘yxatida TOP-25 talikka kirgan. Bugungi kunda bu kitob 80 dan ortiq tillarga tarjima qilingan bo‘lib, umumiy nashr hajmi (tarjimalar, audio va elektron versiyalarni qo‘shgan holda) 500 million nusxani tashkil etadi.
Kitobda yozuvchi tomonidan qo‘llanilgan “Muggle” (magllar) so‘zi 2003-yilda Oksford ingliz tili lug‘atiga kiritilgan.
Garri Potter bolalar adabiyotini qanday o‘zgartirdi?
1990-yillargacha aksariyat bolalar kitoblari kichik hajmli va realistik bo‘lgan, fentezini asosan kattalar o‘qigan. Rowling esa bolalar uzun va murakkab kitoblarni o‘qishga tayyor va qodir ekanligini isbotladi: “Garri Potter” seriyasi tijoriy jihatdan katta muvaffaqiyat qozondi va to‘rt yil ichida bolalar adabiyoti bozorining 28 foizini egallagan. Eng qizig‘i, yosh sehrgar sarguzashtlari bilan nafaqat bolalar, balki kattalar ham hayratlanib o‘qidi (va hanuz o‘qimoqda).
“Garri Potter” faqat kitoblar bo‘lib qolmadi: u filmlar seriyasiga (hozirda esa kitoblar asosida serial suratga olinmoqda). “Potteriada” mustaqil va daromadli pop-madaniyat qismiga aylanib ulgurgan.
Umuman olganda, Garri Potter misli ko‘rilmagan fantaziya janriga katta qiziqish uyg‘otdi. Daina Uinn Jons va Dayan Duayn kabi fantaziya janrida yozuvchi ayollarning kitoblari yaxshi sotila boshladi, ularning sehrgarlar haqidagi asarlari qayta nashr etildi, ko‘plab yangi mualliflar va seriyalar paydo bo‘ldi.
Kitobxonlar yarim tunda “Garri Potter”ning yangi kitobini olish uchun tunab navbat kutishgan
Har yangi kitob chiqqan sari J.K.Rowling atrofidagi shov-shuv yanada kuchaygan. Londonda, Nyu-Yorkda, Sidneyda, Toronto va boshqa yirik shaharlarda muxlislar kitob do‘konlari ochilishidan 10–12 soat oldin navbatga turishgan. Ko‘pincha ular do‘konlarga Hoggvarts fakultetlarining sharfini taqib, tayoqchalari bilan, kostyumlarda kelishgan.
Butun dunyo bo‘ylab kitob do‘konlari “midnight release” — tungi sotuvlar uyushtirardi. Do‘konlar xuddi Hoggvartsning filiali kabi bezatilgan: maskaradlar, viktorinalar va Garri Potterga mos paradlar bo‘lib o‘tardi.
Buyuk Britaniya va AQShning ayrim shaharlarida “Ajal Tuhfalari” chiqqan kechada (2007-yil 21-iyul) minglab odamlar navbatga turishgan. Masalan, Londonda Waterstones va WHSmith do‘konlari oldida 5 minggacha odam to‘plangan. Kimdir hatto chodir bilan kelgan. Nyu-Yorkda esa Barnes & Noble do‘konidagi navbat bir necha kvartallarga cho‘zilgan. Kitobning birinchi kuni o‘ziyoq AQShda 8,3 million, Buyuk Britaniyada esa 2,7 million nusxa sotilgan. Bu haqiqiy rekord bo‘lgan.
Ko‘plab bolalar ilk bor hayotida “kitobni kutish”ni his qilishdi — xuddi kattalar yangi iPhone yoki film premyerasini kutgandek. Baʼzi ota-onalar kitobni sotib olib, farzandlariga (va o‘zlariga ham) kechasi bilan ovoz chiqarib o‘qib berishgan.
Nega Garri Potterdan keyin bolalar kamroq o‘qiy boshladi?
Aslida, “keyin” emas, balki “davomida”. O‘qishga qiziqish kamaygani haqidagi mif ko‘proq o‘smirlik davriga taalluqli. AQShdagi Milliy sanʼat jamg‘armasi umumiy tendensiya — o‘smirlar orasida o‘qish kamayishi — Garri Potter bilan bog‘liq emasligini taʼkidlaydi. Hatto baʼzi tadqiqotchilar, aksincha, Garri Potter kitoblari ilgari kuzatilmagan darajada o‘qishga bo‘lgan qiziqishni keltirib chiqarganini aytishadi. Ko‘plab o‘qituvchilar, ota-onalar, hatto bolalarning o‘zlari bu kitoblarni ijobiy taʼsir ko‘rsatgan deb hisoblashadi. Yankelovich and Scholastic nashriyoti tomonidan 260 ota-onadan o‘tkazilgan so‘rovda 85 foizi farzandining Garri Potterdan keyin o‘qishga qiziqishi oshganini, 76 foizi esa bu kitoblar bolalariga maktabda muvaffaqiyatli bo‘lishga yordam berganini aytishgan.
Biroq, kitob tugagach, o‘qishga bo‘lgan qiziqish sustlashdi. Chunki bolalarning bo‘sh vaqtini ijtimoiy tarmoqlar, video va o‘yinlar egallab oldi. Hatto eng ajoyib syujetlar ham oddiy raqamli simulyatsiya bilan raqobatlasha olmaydi.
Shuning uchun zamonaviy bolalar kitoblari o‘rtacha 60 betgacha qisqargan, holbuki “Garri Potter va Feniks Jamiyati» 766 betni tashkil etadi. Murakkab va uzun matn o‘smirlardan eʼtibor va maxsus ruhiy tayyorgarlikni talab qiladi, ammo ulg‘ayayotgan yosh organizmda bu qadar sabr-toqat ko‘pincha yetishmaydi.
Bolalarni o‘qishga jalb qilish uchun nima qilish kerak?
Masalan, Vinchester kolleji o‘qituvchilari o‘smirlarni har kuni o‘qishga undashni va murakkabroq so‘z boyligiga ega kitoblarni tavsiya etishni maslahat berishadi, chunki o‘quvchilar ommabop, yengil seriyalar darajasida “qotib qolmasligi” kerak.
Xulosa qilib aytganda, Garri Potter bolalar kitobi haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirdi: uzun, kattalarga xos, fantaziya ammo baribir bolalar uchun tushunarli. U ko‘plab bolalarga o‘qish sehrini, ajoyib madaniy va emotsional hayajonni his qilish imkoniyatini berdi. O‘quv odatlarini shakllantirish uchun esa ota-onalar bolalarga muntazam ravishda yangi va bilim beradigan, o‘smirlar yoshiga moslashtirilgan kitoblarni tavsiya qilishlari kerak.



