Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov Janubiy Koreya Respublikasi Seul ta’lim departamentining “KLIC Training Program” loyihasi ishtirokchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda har bir hududda yuqori ball olgan informatika va axborot texnologiyalari fanidan toifa sertifikatiga ega bo‘lgan 14 nafar o‘qituvchi hamda 1 nafar koordinatordan iborat jami 15 nafar ustoz qatnashdi.
Mazkur loyiha Janubiy Koreya Respublikasi Seul ta’lim departamenti bilan hamkorlikda xalqaro tajribani o‘rganish, ta’lim tizimida raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Vazirlikning ta’kidlashicha, endilikda informatika va axborot texnologiyalari fanidan o‘qituvchilar Koreyada 10 kun davomida malaka oshiradi. Ular o‘zaro tajriba almashishlari, Koreyaning umumta’lim maktablari faoliyati va ta’lim jarayonlarini o‘rganishlari rejalashtirilgan.
